“Bu – fojia”. Onkolog – sotib yuborilayotgan kasalxonalar haqida
“Onkologiya shifoxonalariga borib ko‘ring, qanchadan qancha navbat. Yotib davolanishga oylab kutish kerak, chunki o‘rinlar kam. Shundog‘am yetishmayotgan o‘rinlar shifoxonalar sotilganidan keyin yana yuztaga qisqaradi. Saraton esa joy bo‘shashini kutib turadigan kasallik emas”.
O‘zbekiston hukumati Toshkentdagi uchta onkologik shifoxonani sotish bo‘yicha yopiq qaror chiqargan. Respublika onkologiya markazi, uning Toshkent shahar va Toshkent viloyati filiallari yangi qurilayotgan yagona onkologik kompleksga birlashtiriladi.
Shifokor-onkolog Shermuhammad Umirov Kun.uz bilan suhbatda O‘zbekistonda saratonga chalinganlarning oylab navbatga turayotgani sabab ko‘plab holatlarda kasallik so‘nggi bosqichga borib qolayotgani, bunday sharoitda mavjud o‘rinlarning qisqartirilishi fojia ekanini aytdi.
“Shifoxonalarni qo‘shib yuborish noto‘g‘ri”
— Bugun O‘zbekistonda 100 mingdan ortiq onkologik kasalga chalingan bemorimiz bor va ularning 30 foizdan ortig‘i og‘ir ahvolda. 100 ming bemorning 10 mingga yaqini – 18 yoshga to‘lmagan bolalar.
Shunday qiyin vaziyatda onkologik shifoxonalarni kamaytirish yoki o‘rinlar sonini qisqartirish – fojia.
Yangi kasalxona qurilishi yaxshi ish, lekin Respublika onkologiya markazini Toshkent shahri va viloyati bilan qo‘shib yuborish noto‘g‘ri.
Bolalar onkologiyasi bo‘limi ham alohida bo‘lishi kerak. Bugungi kunda Toshkent viloyat onkologiyasida bolalar bo‘limi yo‘q. Bu borada haqiqatan ham kulgili ahvoldamiz. 4 mln aholisining 36 foizi 18 yoshgacha bo‘lgan bolalardan iborat bo‘lgan viloyatda shu bolalarning davolanishi uchun bolalar onkologiya bo‘limi yo‘qligi achinarli. Bu viloyatdagi saratonga chalingan bolalar poytaxtga kelishadi. Biz ularga Toshkent shahar onkologiyasiga order beramiz davolanish uchun, u yerda katta navbat bor – lekin joy yo‘q, yetmaydi. Oqibatda birinchi yoki ikkinchi bosqichda aniqlanishi, davolanishi kerak bo‘lgan kasallik og‘ir bosqichlarga o‘tib ketadi.
Viloyatning bitta tumanini misol keltiray, mingta onkologik kasali bor va shundan 500 ga yaqini bolalar. Bu kichkina sonmi? Shu 500 bemor boladan kamida 40 nafari nobud bo‘lyapti.
Dunyo bo‘yicha 1 soniyada 1 odam onkologik kasaldan vafot etadi. O‘zbekistonda esa taxminan har 10 daqiqada bitta onkologik kasalga chalingan odam nobud bo‘ladi. Bu kimningdir singlisi, kimningdir ukasi, kimningdir otasi, kimningdir onasi, kimningdir bolasi bo‘lishi mumkin. Buni hech kim inkor qilolmaydi.
“Joylar soni qisqaryapti. Saraton esa kutib turmaydi”
— Onkologiya shifoxonalarini markazlashtirish bilan ish bitmaydi. Bugun, hozir shu shifoxonalarning qabul bo‘limiga boring, odamni ko‘rasiz. Qanchadan qancha navbat. Nur terapiya olishga oylab kutib turishibdi. Yotib davolanishga oylab kutish kerak. Chunki bo‘limda yotib davolanishga o‘rinlar kam. Yana bir sababi – shu masalada o‘rinlar sonini ko‘paytirishni hech bir mutasaddi bo‘yniga olmayapti.
Toshkent shahar, Toshkent viloyat onkologiya markazlari o‘zi “otam zamonida” 15-20 mln aholiga mo‘ljallab qurilgan. Hozir aholimiz qariyb 40 mlnga qarab boryapti. Hozir shundan kelib chiqib davolash muassasalarini qurishimiz kerak.
Yangi qurilayotgan onkologiya markazi 750 o‘ringa mo‘ljallangan. Toshkent shahar, Toshkent viloyat va respublika onkologiyalaridagi bemorlar yotib davolanadigan o‘rinlar 850 atrofida. Yangi markazda esa 750. O‘rinlar sonini ko‘paytirish o‘rniga 100 ta joyga qisqarib ketyapti. Bu – kasallar oylab navbat kutishini, bemorlarning ovoragarchiligini keltirib chiqaradi. Bu kasallik kutib turadigan kasallik emas. Bugun davolanmasa, ertaga yana yonidan bitta o‘sma o‘sib chiqadi. Kun sayin og‘irlashadi. Shuning mohiyatidan kelib chiqib ishni tashkillashtirishimiz kerak. Respublika onkologiya markazi alohida bo‘lishi kerak, unga shahar va viloyat shifoxonalarini qo‘shib yuborish kerak emas.
“4 gektarning bir qismiga shifoxona qurib berishsin”
— Hozirgi Toshkent shahar onkologiya shifoxonasi 4 gektar maydonda joylashgan bo‘lsa, shuning o‘rnida 1 gektariga 8 qavatli ikkita bino qurib berishsin. Shunda shahar xalqi sog‘liqni saqlash tizimidan ham, davlatdan ham rozi bo‘ladi. Prezident xalqni rozi qilish uchun joy kuydiryapti-ku. Nega shu haqda o‘ylashmaydi, nega odamlar ovora bo‘lishi kerak?
Yaqinda o‘zim yashaydigan mahalladagi ko‘krak saratoniga chalingan 35 yoshli bemorning muolajalariga yordam berdim. Oxirgi bosqichda bo‘lgani uchun uyiga ruxsat berib yuborilgan. Qornida, o‘pkasida suv yig‘ilib ketgan. Kunora borganim uchun qizchasiyam meni yaxshi tanib qolgan ekan. Ayol uzoq yashamadi, vafot etdi. Oradan 2 oylar o‘tib, ko‘chada qizcha meni ko‘rib: “Oyimni qachon qaytarib kelasiz?” deb so‘rayapti. Chunki onasi o‘lganda uyidagilar: “Shifokor amaking oyingni davolash uchun olib ketishdi”, deyishgan ekan. Eng yomoni shuki, bunaqa narsalar deyarli har kuni sodir bo‘ladi.
Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov.
Mavzuga oid
18:38 / 13.11.2024
“Sharoitidan ham, o‘qituvchilaridan ham qo‘rqib ketdim” - Toshkentdagi o‘quv markazidan odamlar norozi
15:05 / 12.11.2024
Toshkent havosini ifloslantirishi mumkin bo‘lgan barcha obektlar nazoratga olindi - hokimlik
22:45 / 10.11.2024
Toshkentda «zakladchik»ni kaltaklagan uch nafar shaxs qo‘lga olindi
17:26 / 08.11.2024