Navoiyning mo‘jizasi – yulduzlari porlayotgan “Farhod”
Minglab iste’dodli yoshlar, yuzlab mahoratli ustozlar hamda zamonaviy imkoniyatlar, yiliga ikki mingga yaqin tadbir – Navoiy kon-metallurgiya kombinatining “Farhod” madaniyat saroyi keyingi yillarda respublikada yulduzlarni yetishtirib berayotgan markazga aylandi. Ushbu madaniyat saroyi tarbiyalanuvchilarining ko‘pchiligi hozirda san’at osmonidagi yorqin yulduzlardir. Shu kunlarda yulduzlari porlayotgan “Farhod”ning 50 yilligi katta tantanalar bilan kutib olinmoqda.
Navoiyliklarda yaxshi bir odat bor: qay yo‘nalishda bo‘lmasin, bolasida iste’dod uchqunlarini sezgan ota-ona uni “Farhod” madaniyat saroyiga yetaklab boradi. Sababi ular bu yerda farzandidagi iste’dod uchquni sayqallanib, kelajakda yorqin yulduzga aylanishiga ishonishadi. Albatta, odamlardagi bu ishonch shunchaki yuzaga kelmagan, “Farhod” madaniyat saroyi shaharning madaniyat markaziga aylana olgan. Qolaversa, “Farhod” respublikada rang-barang janrdagi ijodiy yo‘nalishlari eng ko‘p bo‘lgan madaniyat saroyi hisoblanadi. Bu yerdagi 78 ta ijodiy jamoa va guruhda 1 500 nafardan ortiq yoshlarga san’atning turli yo‘nalishida bepul mashg‘ulot o‘tiladi.
1972 yilda G‘ozg‘on marmari va arman tufidan qurib bitkazilgan mo‘jizaviy saroyda hayot doim qizg‘in: bu yerda har kuni yangi iste’dodlar kashf etiladi, yangi ovozlar san’at maydoniga kirib keladi, yangi ixtirolarga qo‘l uriladi.
“Farhod” madaniyat saroyi nafaqat Navoiy viloyati, balki respublikada iste’dodlarni tarbiyalab, yuzaga chiqarayotgan muhim markaz hisoblanadi. Madaniyat saroyining ko‘plab tarbiyalanuvchilari taniqli san’atkorlar, rassom va aktyorlar, rejissyorlar bo‘lib yetishgan. Jumladan, Go‘zal Jumaniyozova (Dilso‘z), Hamdam Sobirov, Jasur Kenjayev, Farrux Raimov, aktrisa Yulduz Rajabova, “Qahqaha” kulgi shou teatri aktyorlari Sohib Hasanov va Tolib Rahimov bugun san’at maydonida o‘z muxlislariga ega.
“Farhod”da faoliyat olib borayotgan ko‘plab ijodiy guruhlarning yoshi madaniyat saroyi yoshiga teng. Mustaqillik yillarida ularning safi yanada kengaytirildi. Xususan, “Sado” karnay-surnay-doira ansambli, “Marvarid” va “Farhod” milliy raqs xoreografik ansambllari, “Tarona” va “Nihol” o‘zbek xalq cholg‘ulari orkestrlari, “Sardoba” folklor va etnografik hamda “Favvora” an’anaviy ijrochilik ansambllari, “Eksklyuziv” estrada miniatyuralari yoshlar teatri, “Quvnoqlar va zukkolar” klubi, “Flash Dance” zamonaviy raqs ansambli, “Silk Road Band” vokal va instrumental ansambli, “Sharq gavhari” milliy raqs ayollar xoreografik jamoasi tashkil etildi. Hozirda ushbu ijodiy jamoalarning tarbiyalanuvchilari respublika va jahon sahnalarida o‘z iste’dodlarini namoyish qilib, yuqori natijalarni qayd etishmoqda.
“Farhod”dagi to‘garaklar faqatgina kuy-qo‘shiq jamoalaridan iborat emas. Bu yerda besh tashabbusning barcha yo‘nalishlari qamrab olingan. Madaniyat saroyida tasviriy san’at va akademik rasm chizish, texnik modellashtirish, dekorativ san’at va kviling, badiiy keramika, robototexnika va mexatronika kabi yo‘nalishlarda to‘garaklar, QVZ hamda intellektual klublar ham tashkil etilgan. Qolaversa, madaniyat saroyi 200 mingdan ortiq kitob fondi bo‘lgan kutubxona va rang-barang eksponatli muzeyga ham ega.
Madaniyat saroyi direktori Shavkat To‘xtayevning ta’kidlashicha, o‘tgan yillar mobaynida jamoa tomonidan ko‘plab e’tirofli yutuqlar qo‘lga kiritilgan:
“Madaniyat saroyimiz butun respublikada iste’dodli kadrlar tayyorlash o‘chog‘i bo‘lib qolyapti. Masalan “Shuhrat” medali sohibi Serijan Janaxmedov, “Nihol” davlat mukofoti sovrindorlari taniqli xonanda Sherzod Davronov, madaniyat saroyi tarbiyalanuvchilari Suxrob Kenjayev, Ulug‘bek Ochilov, Anatoliy Nazarov, Islom Haydarov, Farrux Bahronov hamda Sherzod Shodiyev buning isbotidir.
Kombinat rahbariyati, NKMK xodimlari kasaba uyushmalari Kengashi va «NKMK jamg‘armasi» davlat muassasasining tashabbusi hamda qo‘llab-quvvatlovi bilan yangi iste’dodlarni kashf etish maqsadida ko‘plab ulkan loyiha va tanlovlar o‘tkazilmoqda. “Qizilqum san’at g‘unchalari” iqtidorli bolalar festivallari tanlovi, “Qizilqum ovozi” yosh estrada ijrochilari tanlovi, “Qizilqum ohanglari” maqom an’anaviy ijro tanlovi, “Qizilqum oltin merosi” folklor etnografik jamoalari tanlovi hamda “Qizilqum romansiadasi” romans ijrochilari tanlovi shular jumlasidan.
Madaniyat va san’at millat tanlamaydi. Madaniyat saroyimizda millatlararo totuvlikning ham yorqin namunasini ko‘rish mumkin. Masalan, “Ivushka” xori, “Skaz” orkestri, tatar-boshqird ansambli va 2007 yilda “WORLD DANCE-2007” Jahon kubogini qo‘lga kiritgan “Sonata” estrada raqs ansambli kabi ijodiy jamoalarda turli millat vakillari bir til, ya’ni san’at tilida kuylashadi, raqsga tushishadi”.
Mustaqillik yillarda “Farhod” madaniyat saroyining ichki bezaklari, zallari va studiyalari yangi qiyofaga ega bo‘ldi. Ayniqsa, saroy foyesiga kiraverishdagi “Alisher Navoiy lirikasi” pannosi alohida e’tiborni tortadi. Mazkur badiiy panno O‘zbekiston Respublikasi Badiiy akademiyasi ustalari tomonidan sopoldan yaratilgan. Pannoda Alisher Navoiy asarlarining qahramonlari o‘ziga xos uyg‘unlikda aks ettirilgan.
Shuningdek, madaniyat saroyining 680 nafar tomoshabinni bag‘riga sig‘dira oladigan katta zali to‘liq ta’mirlangan, sahnaga zamonaviy professional akustik apparatura, yoritish moslamalari va katta LeD-ekran o‘rnatilgan. Ushbu imkoniyatlar tufayli madaniyat saroyi havaskorlikdan professionallik sari qadam tashlayotgan iste’dodlar uchun ko‘prik vazifasini o‘tamoqda.
“NKMK” AJ Matbuot xizmati.Ⓣ
Mavzuga oid
17:00 / 01.09.2024
Mustaqillik bayrami Navoiy kon-metallurgiya kombinatida keng nishonlandi
17:00 / 06.07.2024
Navoiy kon-metallurgiya kombinati “Barqaror” prognozi bilan “BB-” darajasidagi xalqaro kredit reytingini oldi
10:42 / 02.06.2024
Xotin-qizlarni eng ko‘p ishga olgan 10 ta korxona ma’lum qilindi
16:01 / 27.04.2024