Iqtisodiyot | 19:41 / 12.12.2022
59950
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi energiya inqirozi: Xato qayerda?

O‘zbekistonning ko‘p yillardan beri yechimini kutayotgan muammosi – energiya tanqisligi, Rossiya taklif qilayotgan “uch tomonlama gaz ittifoqi” va AES loyihasi. Kun.uz muxbiri iqtisodchi Abdulla Abduqodirov va siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bilan shu mavzularda suhbatlashdi.

— Abdulla aka, shu kunlarda mamlakatda energiya resurslari yetishmovchiligi va Rossiya taklif qilgan ittifoq masalasi eng ko‘p muhokama qilinmoqda. Keling, suhbatimizni shu mavzularning ikkinchisidan boshlasak.

Putin taklif qilgan uch tomonlama ittifoq.

O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston Rossiya bilan gaz shartnomasiga kirmasligi, import bo‘yicha kelishuv bo‘lsa, u faqat savdo kelishuvi orqali bo‘lishini aytdi. Ammo Putin ittifoq shartlariga barcha mamlakatlar rozi demoqda. Shu jarayonni qanday tahlil qilgan bo‘lardingiz?

Mirzamahmudovning bayonotini O‘zbekistonning pozitsiyasi, yakuniy qarori sifatida baholash mumkinmi? Ya’ni O‘zbekiston Rossiyaga uzil-kesil yo‘q dedimi?

— Mirzamahmudovning fikrida ikkita tezis aytildi. Birinchisi – biz siyosiy shartlar qo‘yilgan biror munosabatlarga kirmaymiz, deyildi va bu juda to‘g‘ri.

Ikkinchi tezis shunday bo‘ldiki, ha, bugungi kunda O‘zbekistonda gaz muammosi bor, lekin biz uni faqat tijoriy shartnomalar asosida, siyosiy shartlarsiz import qilishimiz mumkin.

Xo‘sh, iqtisodiy va siyosiy shartnomalar o‘rtasida qanday chegara bor? Buni biz bilmaymiz. Shuningdek, siyosiy shartlar deb nima nazarda tutilyapti, siyosiy shartlarsiz iqtisodiy shartnoma deganda-chi? Buni ham bilmaymiz.

Shuning uchun rasmiy bayonotlar o‘z yo‘liga, lekin shartnomaning matni e’lon qilinmaguncha savolingizga uzil-kesil javob berolmaymiz.

— Biz, Putin gapiraveradi, bosim qilaveradi, lekin o‘z yo‘limizdan qaytmaymiz, deyishimiz mumkin edi. Lekin “gaz ittifoqi” loyihasi matni uchta davlat o‘rtasida o‘ta maxfiy tarzda aylanmoqda. Shu sababdan ham turli shubhalar borki, balki hukumat bu ittifoqqa kirar-u, buni xalq bilishini istamas.

— To‘g‘ri, bunday xavotirlarga o‘rin bor. Chunki gaz yetishmovchiligi bor deyilgandan keyin unga yechim sifatida darhol import taklif qilinyaptiki, o‘zimizda gaz yo‘q emish. Bu yerda ikkinchi tezis noto‘g‘ri, chunki gazimiz bor. Katta-katta investorlarni qiziqtiradigan, millionlab debit beradigan gaz konlarimiz kam, lekin kuniga 200 ming, 500 ming va million kub metr gaz beradigan konlarimiz ham bor.

Hamma muammo shundaki, bugungi kunda butun O‘zbekiston hududi turli investorlarga investitsion bo‘laklar qilib bo‘lib berilgan. Qarangki, asosiy qazish ishlari sovet ittifoqi davrida qaysi yerda va qaysi konlarda amalga oshirilayotgan bo‘lsa, bugun ham aynan shu hududlarda amalga oshirilmoqda. Ya’ni geologiya razvedka ishlariga pul ko‘p ajratilmagan va u deyarli olib borilmayapti. Ajratilgan pullar esa o‘z joyiga emas, O‘zbekiston xalq xo‘jaligiga kerak bo‘lmagan loyihalarga sarflanganini ko‘rishimiz mumkin.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid