Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh 5 nafar rossiyalikni elektronika kontrabandasida aybladi
Qo‘shma Shtatlarda Rossiyaning besh fuqarosi va ikki amerikalik Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun elektron butlovchi qismlar va patronlarni noqonuniy olib o‘tishda ayblandi.
Nyu-Yorkning Sharqiy okrugi federal sudi besh nafar Rossiya fuqarosi va ikki AQSh fuqarosini Rossiya mudofaa sanoati uchun sanksiyalarni chetlab o‘tgan holda, elektron komponentlar va o‘q-dorilar kontrabandasini tashkil qilishda aybladi. Bu haqdagi xabar 13 dekabr, seshanba kuni AQSh Adliya vazirligi saytida e’lon qilindi. Jami 7 kishidan iborat guruhga nisbatan firibgarlik, jinoiy til biriktirish, kontrabanda, jinoiy daromadlarni legallashtirish va sanksiyalarni buzish kabi 16 modda bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.
Mahkama ma’lumotlariga ko‘ra, ayblanuvchilardan biri rossiyalik Vadim Konoshchenok oktabr oyida Estoniya-Rossiya chegarasida 35 xil turdagi elektron komponentlar va 6,5 millimetrli snayper miltiqlarining «minglab» patronlari bilan to‘xtatilgan. Oradan bir oy o‘tib, Amerika tomoni FXX xodimi deb hisoblagan Konoshchenok Estoniya orqali Rossiyaga 20 quti Amerikada ishlab chiqarilgan patronlarni olib kirishga urinayotganda yana to‘xtatildi. Erkak hibsga olinganidan keyin Estoniya rasmiylari uning o‘g‘liga tegishli omborni tintuv qilib, 170 kg o‘q-dorilarni musodara qilgan.
AQSh Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ayblanuvchilar Moskvaning "Serniya Injiniring" va "Sertal" kompaniyalari manfaatlarini ko‘zlab faoliyat yuritgan. Bu firmalar, Vashingtonga ko‘ra, «Rossiya razvedka idoralari rahbarligida Rossiya harbiy-sanoat kompleksi va ilmiy tadqiqot sektori uchun ilg‘or elektronika va murakkab sinov uskunalarini sotib oladi».
Ayblanuvchi AQSh fuqarolaridan biri allaqachon hibsga olingan, ikkinchisi esa rasmiylarga taslim bo‘lgan. Bundan tashqari, Konoshchenokni AQShga ekstraditsiya qilish bo‘yicha Estoniyaga so‘rov yuborilgan.
Amerika Qo‘shma Shtatlarining Nyu-York Sharqiy okrugi bo‘yicha prokurori uning idorasi «Rossiyaning demokratiyaga shafqatsiz hujumini davom ettirish uchun AQSh texnologiyasini noqonuniy sotib olayotganlarni qattiq ta’qib qilishdan to‘xtatmaydi» dedi.
Mavzuga oid
17:53
AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Markaziy Osiyo mamlakatlariga tashrif buyurmoqchi
10:30
AQSh poytaxtida o‘zbek tadbirkorlari uchun maxsus dastur ishga tushirildi
09:30
Tramp: Netanyahu Eron bo‘yicha har qanday kelishuvni qabul qiladi
08:50