Yevropa Ittifoqi Bosniya va Hersegovinaga nomzod maqomini berishga rozi bo‘ldi
Bosniya va Gersegovinaga Yevropa Ittifoqiga kirish uchun nomzod maqomini berish bo‘yicha rasmiy qaror 15 dekabr kuni Bryusselda bo‘lib o‘tadigan sammitda qabul qilinishi kerak.
Yevropa Ittifoqining Yevropa ishlari bo‘yicha vazirlari Bryusseldagi yig‘ilishda Bosniya va Hersegovinaga (BH) hamjamiyat a’zoligiga nomzod maqomini berishni tavsiya qildi. Bu haqda 13 dekabr, seshanba kuni diplomatik doiralardagi manbalarga tayanib, AFP va Reuters agentliklari xabar berdi.
Yevropa Ittifoqi davlat va hukumat rahbarlari 15 dekabr kuni Bryusselda bo‘lib o‘tadigan sammitda Bosniya va Hersogovinaga bunday maqom berish bo‘yicha rasmiy qaror qabul qilishlari kutilmoqda.
Mamlakati hozirda Yevropa Ittifoqiga raislik qilayotgan Chexiyaning Yevropa ishlari bo‘yicha vaziri Mikulash Bekning aytishicha, a’zo davlatlar «Yevropa Ittifoqini kengaytirishga sodiqliklari haqida kuchli signal yuborishadi».
Bosniya va Hersegovina 2016 yilda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgan, biroq 2022 yilning oktyabridagina Yevropa komissiyasi (YeK) Yevropa Ittifoqi kengashiga mamlakatga nomzod maqomini berishni tavsiya qilgan edi. O‘shanda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel aytganidek, bu qaror mamlakatda tub islohotlar o‘tkazilishiga umid bilan bog‘liq.
«Bosniya va Hersegovina so‘nggi oylarda katta islohotlarni amalga oshirdi», dedi Germaniya tashqi ishlar vaziri qoshidagi Yevropa ishlari bo‘yicha davlat vaziri Anna Lyurman Yevropa Ittifoqi davlatlarining Yevropa ishlari bo‘yicha vazirlari qarorini sharhlar ekan.
Iyun oyida Ukraina va Moldova tezlashtirilgan a’zolik uchun ariza berib, YeI a’zoligiga nomzod sifatida tan olingan edi. Gruziya ham xuddi shunday ariza yuborgan, biroq unga faqat «Yevropa istiqboli» maqomi berilgan. Yevrokomissiya Tbilisiga Yevropa integratsiyasi yo‘lida keyingi taraqqiyot uchun 12 mezondan iborat ro‘yxatni yubordi.
Hozirda Ukraina va Moldovadan tashqari Albaniya, Shimoliy Makedoniya, Serbiya, Chernogoriya va Turkiya Yevropa Ittifoqiga a’zolikka rasmiy nomzodlar sanaladi. Biroq, bu davlatlarning hech biri uchun Yevropa Ittifoqiga kirish shartlari aniqlanmagan.
Mavzuga oid
10:05 / 17.11.2024
Trampning qaytishi: Ukraina masalasida AQSh va Yevropaning pozitsiyasi bo‘linadimi?
17:48 / 06.11.2024
«O‘zbekiston qit’alarimiz chorrahasida joylashgan va global aloqalarimiz markazida bo‘lishi lozim» - Ursula fon der Lyayyen
22:39 / 04.11.2024
Xitoy Yevropa Ittifoqi bilan elektromobillar bo‘yicha «savdo urushiga» kirishdi
17:30 / 04.11.2024