Jahon | 08:56 / 15.12.2022
10495
3 daqiqa o‘qiladi

«Shimoliy oqim»: Kanada turbinalar bo‘yicha sanksiyalarni tiklayapti

Kanada vazirlari Melani Joli va Jonatan Uilkinsonning aytishicha, gaz quvurlari turbinalarini sanksiyalardan ozod qiluvchi ruxsatnoma endi o‘z vazifasini bajarmaydi.

Foto: Reuters

Kanada «Shimoliy oqim» gaz quvuri uchun turbinalarni Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalar ta’sir doirasidan olib tashlaydigan ruxsatnomani qaytarib oladi. Ottava vaziyat o‘zgarganini va ruxsatnoma endi o‘z vazifasini bajarmayotganini tan oldi, dedi tashqi ishlar vaziri Melani Joli va tabiiy resurslar vaziri Jonatan Uilkinson 14 dekabr, chorshanba kuni qo‘shma bayonotida. Hujjatda ta’kidlanishicha, bunday qaror Ukraina, Germaniya va boshqa Yevropa ittifoqchilari bilan yaqin maslahatlashuvlardan so‘ng qabul qilingan.

Shu bilan birga, Kanada Ukraina va Yevropaning energiya xavfsizligini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Shu tariqa Ottava Ukraina energetika infratuzilmasini tiklash uchun 115 million Kanada dollari (79,5 million yevro) o‘tkazadi. Bu mablag‘lar Rossiya va Belarusdan import qilinadigan tovarlar bojlari hisobiga olingan, deya tushuntirdi vazirlar.

Rossiyaning «Gazprom» konserni iyun oyida «Shimoliy oqim» orqali Yevropaga gaz yetkazib berishni sezilarli darajada kamaytirdi. Qisqartirish sababini kompaniya xomashyo nasoslari uchun agregatlarning yetishmasligi bilan tushuntirdi. Iyul oyida Ottava Monrealda texnik xizmat ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan Siemens turbinalarini «Gazprom»ga topshirish uchun Germaniyaga qaytarib yuborishga ruxsat berdi. Ammo Rossiya tomoni turli talablarni qo‘yib, agregatni qabul qilishdan bosh tortdi.

Avgust oyi oxirida Rossiya konserni «Shimoliy oqim» orqali xomashyo yetkazib berishni uch kunga to‘xtatib qo‘ydi, biroq bu muddatdan so‘ng u ishni qayta tiklamadi va buni neft sizib chiqishi bilan izohladi. Yevropa Ittifoqida bu sabab o‘ylab topilgan bahona sifatida baholandi.

Sentabr oyi oxirida «Shimoliy oqim» ikkita tarmog‘i va «Shimoliy oqim-2» bitta tarmog‘ida sizib chiqish holatlari haqida ma’lum bo‘ldi. Hodisalar Germaniya, Daniya va Shvetsiyada tekshirilmoqda. Nemis maxsus xizmatlari bu g‘avvos yoki suvosti kemasi yordamida amalga oshirilgan diversiya bo‘lganini taxmin qilmoqda. Shvetsiya Davlat xavfsizlik xizmati gaz quvurlaridagi sizib chiqishlarni tekshirishdan so‘ng, bunga portlashlar sabab bo‘lganini tasdiqladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid