O‘zbekiston | 14:15 / 16.12.2022
21942
2 daqiqa o‘qiladi

Buloqboshi tuman gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i qo‘lga olindi

U tumandagi to‘yxonalar, oshxonalar, kafelar va boshqalarning gaz quvurlariga noqonuniy ulanib olishiga ruxsat berganlikda gumon qilinmoqda.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

15 dekabr kuni tunda Andijon viloyati Buloqboshi tuman gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i Sh.Sh. qo‘lga olingan. Kun.uz manbasi xabar berishicha, u tabiiy gaz o‘g‘riligiga sharoit yaratib berishda ayblangan.

15 dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektorda bugungi og‘ir vaziyatda elektr va tabiiy gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanishlar, o‘g‘riliklar davom etayotgani, bunga joylardagi rahbarlar befarq va sherik bo‘layotganiga chidab bo‘lmasligi qayd etilgandi.

Andijonda dekabr oyi boshida elektr va tabiiy gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanishlar hamda o‘g‘riliklar bilan bog‘liq 325 ta holat qayd etilgan bo‘lib, respublika miqyosida ikkinchi o‘rinni egallagan.

  • Eslatib o‘tamiz, 11 dekabr kuni «Hududgazta’minot» AJning Toshkent viloyati bo‘yicha tarkibiy bo‘linmasi bo‘lgan «Hududgaz Toshkent» filiali direktori M.A.ga nisbatan jinoyat ishi ochilgan hamda ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingandi. 
  • Shuningdek, «Yangiyo‘l tumangaz» rahbari U. T. va «Guliston tuman elektr tarmoqlari korxonasi» sobiq rahbari F. Sh.ga ham jinoyat ishi ochilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Mavzuga oid