O‘zbekiston | 15:38 / 16.12.2022
40622
3 daqiqa o‘qiladi

Noyob foto: Transport vaziri – avtobusda

O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov birinchi marta jamoatchilik qarshisida avtobusda ko‘rinish berdi. Lekin u ishga yoki uyiga avtobusda ketayotgani yo‘q: prezident tanqididan keyin, jamoat transportidagi muammolarni joyiga chiqib o‘rganayotgan ichki ishlar vaziriga hamrohlik qilyapti.

Foto: IIV matbuot xizmati

Toshkent jamoat transporti bir necha oy kuchaytirilgan rejimda ishlaydi va bu vaqt mobaynida ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning nazoratida bo‘ladi. Bu topshiriq ijrosi yuzasidan Bobojonov, transport vaziri Ilhom Mahkamov bilan birga, 16 dekabr kuni Yunusobod tumanidagi 8-sonli avtobus saroyiga bordi.

IIV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ikki vazir boshliq ishchi guruh avtobus saroyi va uning tasarrufidagi jamoat transportlarida yo‘lovchilar uchun yaratilgan qulayliklar va muammolarni o‘rganyapti.

Foto: IIV matbuot xizmati
Foto: IIV matbuot xizmati
Foto: IIV matbuot xizmati
Foto: IIV matbuot xizmati

Bu o‘rganish ishlari – ikki vazirning o‘z tashabbusi emas. Ular prezident topshirig‘idan keyin shaharda jamoat transporti qay ahvolda ekanini ko‘chaga: bekatlarga va avtobusga chiqib, o‘z ko‘zi bilan ko‘rishiga to‘g‘ri kelgan.

Shavkat Mirziyoyev 13 dekabr kuni 18-avtobus saroyiga borib, Toshkent jamoat transportidagi muammolarni tanqid qilgan edi. Davlat rahbari avtobuslar soni kamligi, yo‘lovchilar bekatlarda uzoq kutib qolayotganini aytgandi. Shu kuni prezident topshirig‘i bilan bahorgacha shaharga mingta yangi avtobus olib kelinadigan bo‘ldi, “Toshshahartransxizmat” tizimidagi avtobus haydovchilarining maoshi 5-6 million so‘mga yetkazildi.

14 dekabr kuni shahat transport boshqarmasida majlis o‘tkazildi. Unda 7-, 8- va 18-sonli avtobus saroylari Ichki ishlar vazirligiga biriktirildi, vazirlikka tegishli 30 ta Isuzu avtobusi yo‘nalishlarga chiqarildi. Lekin Isuzu avtobuslari nogironligi bo‘lgan va jismoniy harakatlanishi cheklangan shaxslar uchun mo‘ljallanmagan. Vaholanki, bunaqa avtobuslarni shahar jamoat transportiga qo‘yish prezident farmoniga asosan 2018 yil 1 martdan taqiqlangan.

Shuningdek, avtobuslarning bekatlarga kelish intervallarini qisqartirish maqsadida, nosoz avtobuslar tezkor ta’mirlandi. Shu va boshqa choralar hisobiga, Toshkent ko‘chalarida yo‘nalishlarga chiqqan avtobuslar soni 2 kun ichida salkam 150 taga ko‘paydi.

Mavzuga oid