O‘zbekiston | 23:30 / 19.12.2022
9928
2 daqiqa o‘qiladi

«UzAuto TRAILER» tirkamalar zavodi Tatariston texnoparkiga 561 mlrd so‘mga sotildi

Qishloq xo‘jaligi texnikasi va boshqa maxsus texnika ishlab chiqaruvchi yirik korxona 561,1 milliard so‘mga Rossiyaning «Texnopolis «Ximgrad» aksiyadorlik jamiyatiga sotilgan. 

Foto: UzAuto TRAILER

O‘zbekistonning UzAuto TRAILER kompaniyasidagi davlat ulushining 100 foizi 561,1 mlrd so‘mga Rossiyaning «Innovatsionnyy industrialnyy park – Texnopark v sfere vysokix texnologiy «Texnopolis «Ximgrad» aksiyadorlik jamiyatiga sotildi. Kompaniya ustav fondida boshqa ulushlar yo‘q. 

UzAuto TRAILER korxonasi Samarqand shahrida joylashgan bo‘lib, loyihaviy quvvati yiliga 2 ming dona yarimtirkama va 1 ming dona osma texnika, keng qamrovli avtomobil texnikalarini, shu jumladan samosval kuzovi, yarimtirkamalar, konteyner tashuvchilar, tentli kuzovlar, izotermik yarim tirkamalar va furgonlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. 

Korxona xodimlari soni 420 kishini tashkil qiladi. Ustav fondi 158,6 mlrd so‘m miqdorida belgilangan. 2021 yil bo‘yicha korxona foydasi 626,2 mlrd so‘mni, sof foydasi 53 mlrd so‘mni tashkil qilgan. 

UzAuto TRAILER kompaniyasidagi davlat ulushini xususiylashtirish jarayoni 2022 yil avgust oyida boshlandi. Shundan so‘ng, ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini sotib olish narxi bo‘yicha 6 nafar talabgorlarning majburiyatga ega bo‘lmagan takliflari (NBO) kelib tushgan. So‘ngra ulardan 5 nafar talabgor majburiyatga ega bo‘lgan takliflarni qabul qilish bosqichiga o‘tkazilgan edi. 

«Innovatsionnyy industrialnyy park – Texnopark v sfere vysokix texnologiy «Texnopolis «Ximgrad» AJ Rossiyaning Tatariston Respublikasi, Qozon shahrida joylashgan. Kompaniyaning asosiy faoliyat turi sifatida «ko‘chmas mulkni shartnoma yoki mukofot asosida boshqarish» ko‘rsatilgan. Ustav kapitali taxminan 25,5 mln dollar miqdorida. Kompaniyaga Gizzatullin Ayrat Mansurovich rahbarlik qiladi. 

Mavzuga oid