Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shtaynmayyer Jinpingdan urushni tugatish uchun Putinga ta’sir o‘tkazishni so‘radi
Germaniya prezidenti telefon orqali muloqotda Xitoy raisini Rossiya prezidentiga Ukrainadan qo‘shinlarni olib chiqishiga ta’sir o‘tkazishga chaqirdi.
Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer Xitoy rahbari Si Jinping bilan telefon suhbatida Rossiyaning Ukrainadagi agressiv urushini muhokama qildi. Bu haqda 20 dekabr, seshanba kuni Germaniya prezidenti devonida ma’lum qilindi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, suhbat 60 daqiqa davom etgan. Shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarga oid masalalar va Xitoydagi hozirgi vaziyatga ham to‘xtalib o‘tildi.
Shtaynmayyer Germaniyaning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishdagi qat’iyligini yana bir bor tasdiqladi. Yevropa Rossiya tahdidlari oldida ortga chekinmaydi va energetika inqiroziga qarshi choralar ko‘rdi, dedi Germaniya prezidenti. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tajovuzkorligi Ukraina mudofaasini kuchaytirishga olib keldi va Yevropaning hamjihatligini kuchaytirdi, Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa xato qilgani ayon bo‘lib qoldi.
Bundan tashqari, Frank-Valter Shtaynmayyer Si Jinpinga Rossiyaning yadroviy tahdidlarini aniq rad etgani uchun minnatdorchilik bildirdi. U G20 davlatlarining Balidagi qo‘shma bayonotini olqishlab, ular xalqaro huquqqa sodiqligi hamda urushning gumanitar va iqtisodiy oqibatlari haqida ogohlantirishni ta’kidladi. Shtaynmayyer Xitoy va Yevropaning harbiy harakatlarni to‘xtatishdan birgalikda manfaatdor ekanligiga, shuningdek, Ukraina suverenitetini hurmat qilishiga va Rossiya qo‘shinlarini ushbu mamlakat hududidan olib chiqib ketish zarurligiga e’tibor qaratdi. Nemis siyosatchisi Si Jinpingdan Putinga ta’sir o‘tkazishni so‘radi, deb xabar berdi Shtaynmayyerning idorasi.
Telefon suhbatiga Germaniya va Xitoy o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning ellik yilligi sabab bo‘ldi. Oktabr oyida siyosatchilar bu borada telegrammalar almashgan.
Reuters xabariga ko‘ra, Xitoy raisi, o‘z navbatida, Berlin Germaniyadagi Xitoy kompaniyalari uchun adolatli, shaffof va kamsitilmaslik shart-sharoitlarini ta’minlashiga umid bildirdi. Si, shuningdek, Xitoy va Yevropa Ittifoqi munosabatlari uchinchi davlatlarga bog‘liq bo‘lmasligi kerakligini ta’kidladi.
Noyabr oyida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi fonida Xitoy rahbari yadro qurolidan foydalanishdan, shuningdek, ularni qo‘llash tahdididan ogohlantirgan edi. «Jahon hamjamiyati Yevrosiyoda yadro qurolidan foydalanish va yadroviy urushlar olib borish mumkin emasligi haqida choralar ko‘rishi kerak», dedi Si Jinping Pekinda Germaniya kansleri Olaf Shols bilan muzokaralar chog‘ida.
XXR rahbari Xitoy Germaniya va Yevropaning tinchlik muzokaralarini o‘tkazish va Yevropada barqaror xavfsizlik arxitekturasini yaratish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashiga ishontirdi. Shu bilan birga, Si Jinping Xitoyning strategik hamkori - Rossiyani bevosita tanqid qilishdan tiyildi.
Mavzuga oid
14:15 / 21.05.2026
Putin va Si Jinping uchrashuvi. Asosiy tafsilotlar
12:19 / 20.05.2026
«Bir-birimizga yordam berishimiz kerak» – Pekinda Putin va Si muzokaralari boshlandi
12:48 / 19.05.2026
“Yaxshi foyda bo‘lmasa, tashlab ketadiganlardan emasmiz” – Germaniya elchisi
19:00 / 17.05.2026