Jahon | 18:15 / 23.12.2022
7739
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Kongressi Kapitoliyga bostirib kirishda asosiy aybdorni aytdi

Maxsus qo‘mita sobiq prezident Donald Trampni Kapitoliyga bostirib kirishda asosiy aybdor ekanini aytdi.

Foto: Reuters

AQSh Kongressi Vakillar palatasining maxsus qo‘mitasi Kapitoliyga bostirib kirishga oid 814 betlik hisobotni e’lon qilib, 18 oylik tergovni yakunladi.

2021 yil 6 yanvardagi Kapitoliy hujumini tergov qilayotgan maxsus qo‘mita sobiq prezident Donald Tramp 2020 yilgi prezidentlik saylovi natijalarini bekor qilish uchun «ko‘ptomonlama fitna»da ishtirok etib, qonunni buzgani, shuningdek, o‘z tarafdorlari hujumini to‘xtatish uchun hech qanday chora ko‘rmaganini taxmin qilmoqda.

«6 yanvardagi tartibsizliklarning asosiy sababchisi bir kishi — AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp, uning ortidan boshqalar ham ergashgan. Uning ishtirokisiz 6 yanvar voqealarining hech biri sodir bo‘lmasdi», - deyiladi hisobotda.

Kapitoliyga bostirib kirish demokratiyaga jiddiy tahdid soldi va amerikalik qonunchilar hayotini xavf ostiga qo‘ydi, deb xulosa qildi to‘qqiz nafar ekspertlar guruhi.

Yakuniy hisobot mingdan ortiq guvohlarning intervyulari, 10 ta tinglov va millionlab sahifali hujjatlarga asoslangan.

Maxsus qo‘mita Trampga to‘rt modda bo‘yicha ayblov qo‘yish tavsiyasi bilan mamlakat Adliya vazirligiga murojaat qilgan. Biroq, ta’kidlanganidek, Kongress tavsiyasi Adliya vazirligini qandaydir choralar ko‘rishga majburlamaydi va ayblov qo‘yish qarori prokurorlarda qoladi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 6 yanvarida Tramp tarafdorlari demokrat Jo Bayden g‘alaba qozongan saylov natijalarini parlament tasdiqlashi kerak bo‘lgan yig‘ilishni to‘xtatib, AQSh Kongressi binosiga bostirib kirishdi. Namoyishlar tartibsizliklarga aylanib ketdi va Tramp tarafdorlari Kapitoliy binosiga kirib borishdi. Tartibsizliklar oqibatida 2 kishi halok bo‘lgan edi.

Mavzuga oid