Jahon | 12:22 / 23.12.2022
46113
3 daqiqa o‘qiladi

Putin: «Bizning maqsadimiz - urushni tugatish»

Putin Ukrainadagi «maxsus harbiy amaliyot»ni ilk bor «urush» deb atadi.

Foto: EPA/TASS

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskva Ukrainadagi urushning tezroq yakunlanishi tarafdori ekanini aytdi.

«Bizning maqsadimiz — harbiy mojaro g‘ildiragini aylantirish emas, aksincha, bu urushni tugatish, biz shunga intilib kelamiz va bundan keyin ham shunga harakat qilamiz», – degan Rossiya prezidenti Moskvada Kreml pulidagi jurnalistlarga.

U yana bir bor shunday deya ta’kidlagan: «Biz buning tugashini ta’minlashga intilamiz. Albatta, buning bajarilishi qancha tez bo‘lsa, shuncha yaxshi».

Harbiy harakatlar borishi haqida gapirarkan, prezident qo‘shimcha qilgan: «xo‘sh, nima bo‘layotgani va qanday bo‘layotganiga kelsak... Men avval ham ko‘p bor gapirganman: harbiy harakatlarning kuchayishi oqlab bo‘lmaydigan yo‘qotishlarga olib keladi».

Bundan tashqari, Putin Moskva AQShning Ukrainaga Patriot tizimini yetkazib berayotganini inobatga olishini aytib, bu qurolga qarshi vosita topilishiga ishonch bildirgan.

«Patriot’ga kelsak, bu juda eski tizim, aytaylik, bizning S-300 kabi ishlamaydi. Ammo, shunga qaramay, bizga qarshi bo‘lganlar bu mudofaa quroli ekanidan kelib chiqadi, mayli shunday bo‘laqolsin. Shunchaki biz buni inobatga olamiz», – degan Rossiya rahbari «Interfaks» muxbiri savoliga javob beraturib.

«Va qarshi chora doim topiladi», – deya qo‘shimcha qilgan u. Uning fikricha, Amerika tomonidan yetkazib berilishi va’da qilingan havo hujumidan mudofaa qurollari Ukrainadagi mojaroni faqat kuchaytiradi. «Buni qilayotganlar bekor bunday qilyapti. Bu shunchaki mojaroni uzaytirish, tamom vassalom», – degan Putin.

U shuningdek Rossiya Ukraina bilan tinchlik muzokaralarini rad etmasligini ta’kidladi.

«Barcha qurolli mojarolar u yoki bu tarzda diplomatik maydondagi qandaydir muzokaralar bilan tugaydi. Biz esa hech qachon muzokarani rad etganimiz yo‘q. Ukraina rahbariyati muzokara olib borishni o‘ziga taqiqlagan», – degan Rossiya rahbari.

Uning fikricha, bu ancha noodatiy va hatto g‘alati ko‘rinadi. «Shunga qaramay, ertami-kechmi, albatta, ziddiyatli vaziyatda bo‘lgan har qanday tomonlar o‘tirib, kelishib oladi. Bu bizga qarshi chiqqanlarga qanchalik tez yetib borsa, shuncha yaxshi. Biz bundan hech qachon bosh tortmaganmiz», – dedi u.

  • Ma’lumot uchun, Rossiya hukumati Ukrainadagi harbiy harakatlarni ifodalashda «maxsus harbiy amaliyot» iborasini qo‘llaydi. Mamlakatda bu amaliyotni «urush» deb atash uchun javobgarlik ko‘zda tutilgan. Putin bu safargi chiqishida 2014 yilda Donbassda boshlangan mojaroga nisbatan ilk bor «urush» so‘zini qo‘lladi.
Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid