O‘zbekiston | 19:07 / 30.12.2022
34771
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident Farmatsevtika agentligi rahbarini ishdan oldi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ayni daqiqalarda o‘tayotgan yig‘ilishda davlat rahbari sog‘liqni saqlash sohasiga to‘xtaldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev "Dok-1 Maks" preparatini qabul qilish oqibatida bolalar hayotdan ko‘z yumgani bilan bog‘liq vaziyatni qattiq tanqid qilgan.

"Samarqand va Qashqadaryodagi bolalar o‘limi sohada ishlar ahvolini, nazorat yo‘qligini ko‘rsatdi. Bugun Farmatsevtika agentligi rahbari Qoriyevni ishdan oldim. Bunga yo‘l qo‘ygan mutasaddilarning hammasi qonun oldida javob beradi!" - dedi Prezident.

 Farmatsevtika agentligi sobiq rahbari Sardor Qoriyev

Samarqand va Qashqadaryodagi bolalar shifoxonasida «Dok-1 MAKS» preparati sabab 19 nafar bola vafot etgani haqida ma’lumot tarqalgandi.

O‘rganishlarga ko‘ra, Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida sentabr–dekabr oylarida 21 nafar bemor o‘tkir buyrak zararlanishi bilan tekshirilgan, davolangan. Bemorlar Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy hamda Samarqand viloyatidan bo‘lgan. 3 nafar bemor sog‘lomlashtirilib uyiga javob berilgan va 18 nafari vafot etgan. Bemorlarning barchasi 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar. Ularning 15 nafari 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar.

Bemorlar yaqinlaridan ularning kasallanish sabablari surishtirilganda ularda shamollash alomatlari bo‘lgani va davolash maqsadida «Dok-1 MAKS» preparati qabul qilishganidan so‘ng ahvoli og‘irlashganini aytishgan.

O‘z navbatida, Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida 5 kun davomida Dok-1 Maks siropini iste’mol qilib kelgan bola ham vafot etgan. Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Ma’lumot uchun, Sardor Qoriyev 2019 yil 21 fevraldan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori sifatida ish yuritib kelayotgandi.

Mavzuga oid