O‘zbekiston | 13:08 / 31.12.2022
18171
5 daqiqa o‘qiladi

Ustozlarning tahqirlanishi, korrupsionerlarning qamalishi - Andijonda 2022 yil voqealari

Andijon – shov-shuvli voqealar eng ko‘p ro‘y beradigan hududlarimizdan. Yakunlanayotgan 2022 yil ham bundan mustasno bo‘lmadi. Kun.uz'ning Andijondagi muxbiri yil davomida viloyatda ro‘y bergan muhim voqealarni jamladi.

Andijon viloyati hokimi 2022 yilning ilk kunlaridayoq jamoatchilik e’tiboriga tushdi. Shuhratbek Abdurahmonovning tashrifidan keyin, moratoriyga qaramasdan, Andijondagi tug‘uruqxona hovlisida 12 tup daraxt kesib tashlandi. Markaz xodimlaridan biri Kun.uz bilan suhbatda daraxtlarni kesish viloyat hokimining topshirig‘iga asosan qilinganini aytgan bo‘lsa-da, yakunda shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i jazoga tortildi.

Bu xabar sovib ulgurmasidan yilning eng shov-shuvli voqeasi yuz berdi – Marhamat tumanida o‘qituvchilar ota-onalar oldida uzr so‘rashga majburlandi. Tumandagi 72-sonli ixtisoslashtirilgan maktabda 300 nafardan ortiq ota-ona qarshisida maktab jamoasi boshini eggancha kechirim so‘rashdi. Guvohlarning aytishicha, bu – tuman hokimi Boburbek Yo‘ldoshevning tashabbusi bo‘lgan. Topshiriq ijrosini ta’minlash hokimning yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Muxtorjon Qurbonov va tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Aliyaxon Abduvohidova zimmasiga yuklangan.

Bu uzrbozlik jamoatchilikning keskin e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Viloyat hokimi, tuman hokimi va viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i uzr so‘rab, chiqish qilishdi. Yakunda esa tuman hokimi hayfsan bilan qutuldi, uning o‘rinbosari, XTB mudirasi va maktab direktori ishdan olindi.

“Andijoncha” tajribalarning hammasi ham o‘zini oqlayvermaydi. Shunday tajribalardan birida bozorda 35-45 ming so‘m atrofida sotilayotgan tovuqlar aholiga 85-95 ming so‘mdan o‘tkazildi. Kamiga kreditga. 100 ta tovuq bir kunda nari borsa 30 ta tuxum qo‘ygan. Ularning katta qismi esa nobud bo‘lgan. Mahalliy budjetning 10 milliard puli parrandachilikka yo‘naltirilib, xonadonlarga tovuq berilgan. Lekin odamlar hokimlik tashabbusi bilan banklar orqali kreditga berilayotgan tovuqlarning narxi bozordagidan ikki-uch barobar qimmat ekani, tuxum qilmayotgani, kasallikka chalinib tez o‘lib qolayotgani va don bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘layotganidan norozi bo‘lishgan. Oqibatda esa bu tashabbus ham oxiriga yetmasdan to‘xtatildi, budjetdan 10 milliard pul sarflangani qoldi xolos.

Yil davomida muhokama markazida bo‘lgan Andijon shahrining sobiq hokimi Bahrombek Haydarovni yil antiqahramoni desak bo‘laveradi. Dastlab, murojaatlar ortidan Andijon shahriga borgan yoki shahar hokimi Bahrom Haydarovdan izoh olmoqchi bo‘lgan jurnalistlar uning “tansoqchisi”, ya’ni allaqanday ayolning “hujumiga” uchrayotgani keng muhokama qilindi. Hokimning bu himoyachisi Kun.uz muxbiriga ham surishtiruv o‘tkazishda ikkita marta xalal bergan.

Bu tansoqchisi Bahrom Haydarovga uzoq yordam berolmadi. Hokim korrupsion jinoyatlari uchun 10 yilga qamaldi. Ma’lum bo‘lishicha, Haydarov viloyat moliya boshqarmasida ishlagan vaqtlari kattagina pullarni o‘zlashtirish uchun jinoiy guruh tuzgan. Guruh a’zolari soni 45 nafar. Ular orasida Andijon shahrining sobiq prokurori Qurbonali Asqarov ham bor, u 10,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Viloyat XTB sobiq rahbari Azizbek Mirkomilov esa 5 yilga “kesildi”. Andijon shahar XTBning sobiq bosh hisobchisi Saida Yo‘lchiyeva esa salkam 8 yilga qamaldi.

Bu guruhning jinoyatlari oqibatida yetkazilgan zarar 63 mlrd so‘mdan oshadi. Uning 16 mlrd so‘mdan oshig‘i qoplangan, qolgani esa sudlanuvchilardan solidar tartibda undiriladi.

Bu yil Andijonda nomi doston bo‘lgan hokim faqat Bahrom Haydarov emas. Andijon tumani hokimi Abdujabbor Egamberdiyev fuqarolarni ayvonchada o‘tirgan holda, xuddi xonlardek qabul qildi, fuqarolarga ayvoncha ostonasidan joy berildi. Buning uchun u Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov o‘tkazgan selektorda ishdan olindi.

Bu selektorda boshqa rahbarlar ham sharmandalarcha ishdan haydaldi. Ular orasida Andijondan Asaka va Paxtaobod tumanlari hokimlari ham bor. Asaka hokimi Mansurbek Alixonov yer ajratishdagi qonunbuzarliklari, Paxtaobod hokimi Elyorbek Usmonov esa vakolatidan chetga chiqqani uchun lavozimidan olindi.

Qisqa qilib aytganda, Andijon viloyatida 2022 yilgi eng shov-shuvli voqealar markazida asosan hokimlar turdi. Jiddiy o‘zgarishlar kutilmayotgani, ayniqsa hokimlar saylovi masalasi bekor qilinganini hisobga olsak, bu kabi holatlar keyingi yillarda ham davom etishini kutsak bo‘ladi.

Mavzuga oid