Jahon | 09:35 / 02.01.2023
9822
2 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniya Rossiyadan suyultirilgan tabiiy gaz importini to‘xtatdi

Dekabr oyida London va Vashington Rossiyadan global energiyaga qaramlikni kamaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Foto: Reuters

Buyuk Britaniya Rossiyadan suyultirilgan tabiiy gaz (STG) importini to‘xtatdi, deb xabar berdi mamlakat Tashqi ishlar vazirligi 1 yanvar, yakshanba kuni Twitter'da. Xabarda aytilishicha, bu Rossiyaning harbiy harakatlarni moliyalashtirish imkoniyatlarini cheklash maqsadida qilingan.

London 2022 yil oktyabr oyida Rossiyadan STG sotib olishni to‘xtatganini e’lon qildi. 2021 yilda Rossiyadan gaz yetkazib berish mamlakat iste’mol qiladigan yonilg‘ining 4 foizini tashkil etdi; STG shaklida Buyuk Britaniya umumiy gazga bo‘lgan ehtiyojning taxminan 17 foizini oldi.

Britaniya Tashqi ishlar vazirligi boshqa davlatlarga Rossiya energiya tashuvchilariga qaramligini kamaytirishga ham yordam berish niyatida ekanini qayd etdi. 2022 yil dekabr oyida London va Vashington «Rossiyaga global energiya qaramligini kamaytirish»ga qaratilgan yangi energetika hamkorligiga kirishdi.

Shu bilan birga, 29 noyabr kuni Britaniyaning The Financial Times (FT) gazetasi YeI davlatlari Rossiyadan STG yetkazib berish hajmini oshirganini xabar qildi. Gazetaning yozishicha, joriy yilning birinchi o‘n oyida YeI o‘tgan yilning shu davriga nisbatan Rossiyadan 42 foizga ko‘p STG sotib olgan. Hammasi bo‘lib 17,8 mlrd kub metr STG sotib olindi, deyarli butun hajm Fransiya, Belgiya, Ispaniya va Niderlandiyaga mo‘ljallangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid