Jahon | 12:06 / 07.01.2023
9269
3 daqiqa o‘qiladi

Londonda Rossiyaning Ukrainadagi jinoyatlarini tergov qilish muhokama etiladi

Buyuk Britaniya va Niderlandiya butun dunyo adliya vazirlarini Haagadagi Xalqaro jinoiy sudga Rossiyaning Ukrainadagi harbiy jinoyatlarini tergov qilishda yordam berish uchun Londondagi uchrashuvga taklif qildi.

Foto: Picture Alliance

Buyuk Britaniya va Niderlandiya rossiyalik harbiylar tomonidan Ukrainada sodir etilgan harbiy jinoyatlarni tergov qilishga hissa qo‘shishga qaror qildi, deya xabar berdi Britaniya Tashqi ishlar vazirligi 6 yanvar, juma kuni e’lon qilgan bayonotda. Ikki davlat mart oyida Londonda Haagadagi Xalqaro jinoiy sudga (XJS) moliyaviy va amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor bo‘lgan dunyoning barcha manfaatdor davlatlari adliya vazirlari ishtirokida birgalikda uchrashuv tashkil etadi. Bu XJS jinoyatchilarni tergov qilish va jinoiy javobgarlikka tortish uchun zarur bo‘lgan hamma narsaga ega bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun kerak.

«Rossiya harbiy xizmatchilari jazosiz qolmasliklarini bilishlari kerak va biz Ukrainani adolat qaror topmaguncha qo‘llab-quvvatlaymiz. Urush jinoyatchilari biz guvoh bo‘layotgan vahshiyliklar uchun javobgarlikka tortilishi mumkin», dedi Britaniya bosh prokurori Dominik Raab. Niderlandiya adliya vaziri Dilan Yyeshilgyoz-Zegeriusning so‘zlariga ko‘ra, «Rossiya harbiylari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar jazosiz qolishi mumkin emas». «Uchrashuvda biz hamkorlarimiz bilan XJS va Ukraina rasmiylarining qo‘llab-quvvatlashini ta’minlash uchun hamkorlikni davom ettiramiz», dedi u.

2022 yil mart oyida Buyuk Britaniya Xalqaro jinoiy sudni Ukrainadagi urush jinoyatlarini tergov qilishga chaqirdi. XJSga a’zo davlatning shu paytgacha boshqa 43 davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan murojaati Haagadagi sud prokurori Karim Xonga tegishli sud qarorisiz tergov ochishga imkon berdi. London shuningdek, XJSga 1 million funt sterling miqdoridagi qutqaruv paketini taqdim etdi va Britaniya politsiya kuchlari bilan qo‘llab-quvvatladi.

Bundan tashqari, Britaniya Ukraina adliya organlari tomonidan olib borilayotgan urush jinoyatlari bo‘yicha tergovlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda. London urush jinoyatlari bo‘yicha sudlarni ko‘rib chiqadigan 30 nafar ukrainalik sudyani tayyorlash dasturini moliyalashtirdi. Qirollik prokuratura xizmati boshchiligidagi Ukraina prokurorlari uchun xuddi shunday o‘quv dasturi joriy yilda boshlanishi kerak.

O‘z navbatida, Niderlandiya 2022 yilda Ukrainaga harbiy jinoyatlarni tergov qilishda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan dalillarni to‘plash uchun sud-tibbiyot ekspertlaridan iborat ikki guruh yuborgan. Bu yil yana ikkita missiya yuborish rejalashtirilgan, ularning barchasi Xalqaro jinoiy sud nomidan ishlaydi. Niderlandiya, shuningdek, XJS prokuraturasi Maqsadli jamg‘armasiga 2 million yevro miqdorida ixtiyoriy hissa qo‘shdi hamda XJSga milliy politsiya xodimlari va prokurorlarni yubordi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid