Turkmanistonda prezidentning yangi portreti uchun budjet xodimlaridan pul yig‘ildi
Umumiy xarajatlar 180 dollarni tashkil qilgani aytilmoqda.
Turkmanistonning Bolqon viloyatida davlat xizmatchilariga prezident Serdar Berdimuhamedovning yangi portreti uchun 60 manat, ushbu portret ostiga qo‘yiladigan turkman gilami uchun 100 manat, «Arqadag va Serdar bilan baxtiyor yoshlar yili» shiori yozilgan plakatlar uchun 50 manat, jurnal va gazetalarga obuna bo‘lish uchun 100 manat (jami 310 manat yoki taxminan 180 dollar) pul topshirish majburiyati yuklandi. Bu haqda «Radio Azatliq» xabar berdi.
Mahalliy amaldor so‘zlariga ko‘ra, «xayriya aksiyasi» ta’lim, sog‘liqni saqlash va politsiya xodimlari uchun o‘ziga xos «yangi yil sovg‘asi» bo‘lgan. Davlat xizmatchilari bunday majburiy xarajatlar daromadlarining taxminan 20 foizini tashkil qilishini aytishgan.
Aniqlik kiritilishicha, odamlar 8 yanvargacha to‘lovlarni amalga oshirishi shart. Shu bilan birga, 9 yanvargacha gilamlar, portretlar va shiorlar osib qo‘yilishi kerak.
Turkmaniston muassasalarida prezident portreti, iqtiboslari yozilgan plakatlar, shiorlarni osib qo‘yish amaliyoti birinchi prezident Saparmurat Niyozov davridan beri davom etib kelmoqda. Ushbu choralar davlat xizmatchilari, o‘quvchilar va talabalar hisobidan amalga oshiriladi.
Mamlakat bo‘ylab shiorlar odatda bir marta, prezident portretlari esa yiliga kamida ikki marta o‘zgaradi. Bu tadbirlar davomida portretda prezident kiyimi yoki sochining rangi o‘zgarishi, ba’zan esa uning suratida o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, davlat xizmatchilari yiliga ikki marta gazeta va jurnallarga obuna bo‘lishi shart.
Mavzuga oid
11:05 / 21.12.2024
O‘zbekistonning yangi elchisi Turkmaniston prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
16:26 / 12.12.2024
Abdulaziz Komilov Turkmanistonning «Hurmatli el yoshullisi» unvoni bilan taqdirlandi
15:25 / 06.12.2024
Turkmaniston O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni ko‘paytiradi
19:33 / 05.12.2024