Jahon | 12:12 / 09.01.2023
8293
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliyadagi tartibsizliklar paytida yuzlab odamlar qo‘lga olindi

Braziliya poytaxtida hukumat binolariga hujum qilgan sobiq prezident Bolsonaruning 200 ga yaqin tarafdori politsiya tomonidan qo‘lga olindi.

Foto: AFP

Braziliya sobiq prezidenti Jair Bolsonaru tarafdorlari hukumat binolariga hujum qilgan Braziliya poytaxti Brazilia shahrida politsiya 200 ga yaqin tartibsizlik ishtirokchisini qo‘lga oldi, deb xabar berdi 8 yanvar, yakshanba kuni kechqurun Braziliya adliya vaziri Flaviu Dinu. Poytaxt federal okrugi gubernatori Ibaneys Rosha avvalroq 400 dan ortiq odam ushlangani haqida ma’lum qilgandi, biroq politsiya bu ma’lumotni tasdiqlamadi. 

Oktabr oxirida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlari natijalaridan norozi Bolsonaru tarafdorlari 8 yanvar kuni tushdan keyin Milliy kongress, Oliy sud binolariga, shuningdek, davlat rahbarining qarorgohi, Planaltu saroyiga bostirib kirishdi va u yerda tartibsizliklar uyushtirishdi. Huquq-tartibot idoralari bir necha soatdan keyin binolar ustidan nazoratni tikladi. 

Braziliya sobiq prezidenti Bolsonaru o‘z tarafdorlarining harakatlarini qoralab, ularni noqonuniy deb atadi. «Huquqiy shakldagi tinch namoyishlar demokratiyaning bir qismidir. Biroq bugungi kunda sodir bo‘lgan, shuningdek, 2013 va 2017 yillarda so‘lchilar tomonidan amalga oshirilgan talonchilik va jamoat binolariga bostirib kirish holatlari qoidalardan tashqaridadir», - deb yozdi siyosatchi Twitter sahifasida. 

O‘tgan hafta Braziliyaning yangi prezidenti Luis Inasiu Lula da Silvaning inauguratsiyasi bo‘lib o‘tdi. Bolsonaru mamlakatni tark etgani sababli marosimda qatnashmadi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid