Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainada ayoz. Bu harbiy harakatlar borishiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Ancha iliq kechgan dekabrdan keyin Ukrainada yanvar sovug‘i boshlandi. Harbiy tahlilchilar aynan shunday ob-havo qishki hujumlarga turtki berishidan ogohlantirishgan. Ammo Rossiya-Ukraina urushida ham qo‘shinlar muzlagan maydonlar bo‘ylab hujumga o‘tadimi?
11 noyabr kuni Xerson oblastida o‘ng sohil to‘liq ozod etilgach, Ukrainadagi front chizig‘i amalda muzlab qolgandi. Janubda ikki tomon qo‘shinlarini Dnepr daryosi ajratib turibdi, Zaporijjya yo‘nalishida artilleriya duellari olib borilmoqda.
Eng shiddatli janglar esa Donetsk va Luhansk oblastlarida kechmoqda.
Rossiya kuchlari, xususan «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi yollanma jangchilari Baxmut va Soledarga hujum qilmoqda, ammo Ukraina hukumati bu hujumlar muvaffaqiyatga erishmayotganini ta’kidlab kelmoqda. O‘z navbatida, Ukraina qurolli kuchlari ham Luhansk oblastidagi muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Kreminna va Svatovo shaharlariga yaqinlashib kelgan.
Har ikki tomon ham nam havo va tuproq qish uchun ancha yumshoq bo‘lib qolayotgani tufayli zirhli texnikalar bilan keskin yorib o‘tishlar qila olmayotgandi.
Ammo 8 yanvar kunidan Ukraina sharqida kuchli sovuqlar boshlandi. Dushanba kuni Ukraina gidrometeorologiya xizmati tunda Baxmut atrofida Tselsiy bo‘yicha -15 daraja, Svatovo atrofida esa -14 daraja sovuq bo‘lishini prognoz qildi.
Bunday sovuq urushda keyingi voqealar rivojiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Qishki taktika
AQSh armiyasi muhandislar korpusi 1993 yilda quruqlik qo‘shinlarining qishki vaqtda harbiy amaliyotlar olib borishi xususiyatlarini batafsil tavsiflovchi kitobni nashr etadi. Uning muallifi - kelib chiqishiga ko‘ra rossiyalik bo‘lgan Jorj Svinsov Ikkinchi jahon urushi davrida Germaniyada asir tushgan, keyin AQShga ketgan.
Keng tarqalgan talqinga ko‘ra, qishki vaqtda harbiy harakatlar faolligi susayadi. Ammo, Jorj Svinsovning yozishicha, qish frontning ikki tomonidagi kuchlarning ham harakatlarini murakkablashtirgan sharoitda o‘ziga ishonchi yuqori bo‘lgan va harbiylari bunday sharoitlarga ko‘proq tayyor bo‘ladigan tomon ustunlikdan foydalanishi mumkin.
«Hudud ustidan nazoratni saqlab turish barqarorlikni anglatadi. Qishda esa bu harakatsizlik deganidir. Qishdagi harakatsizlik esa - kechiktirilgan mag‘lubiyatdir, bu holatda hudud o‘z strategik ahamiyatini yo‘qotadi», deyiladi kitobda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday vaziyatdagi yagona samarali yondashuv hududning qanchadir qismini boy berishdan qo‘rqmasdan imkon qadar moslashuvchanlik bilan harakatlanish bo‘ladi.
«Moslashuvchanlik omili mudofaalanishda ham, hujum qilishda ham muhimdir. Hujum qilishingiz, ongli ravishda dushmanni o‘tkazib yuborishingiz (masalan, Stalingrad bilan bo‘lgani kabi), qanotlarga zarba berishingiz, dushman qurollari, o‘q-dorilari va texnikalarini egallab olib, zudlik bilan ularni janglarda qo‘llashingiz mumkin - bularning bari muvaffaqiyatga eltadigan majburiy usullardir», deya yozadi muallif.
Shu bilan birga, Svinsovning hisoblashicha, son jihatdan besh-olti barobar ustunlikka ega bo‘linganida qishda hujum qilish mumkin. Agar katta uchastka bo‘yicha kuchlar nisbatidagi bunday ustunlik mavjud bo‘lmasa, bunday ustunlikka lokal miqyosda erishish kerak bo‘ladi.
Hujumga o‘tish vaqti keldimi?
«Harbiy harakatlar intensivlashishini kutyapmiz. Kechasi sovuq -17 darajaga tushdi, bizning og‘ir texnikalarimiz, nihoyat tezlik bilan olg‘a harakatlanishi mumkin», dedi 8 yanvar kuni Luhansk harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Gayday.
O‘z navbatida, u sovuq havodan ham Ukraina, ham Rossiya foydalanishi mumkinligini qayd etgan. Gaydayning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Rossiya armiyasi kuchlarini Baxmutdan Kreminnaga olib o‘tmoqda. Ukraina qurolli kuchlari esa bu shahardan besh kilometr masofada janglarga kirishgan va okkupatsiya ostidagi Severodonetskdan Svatovoga boruvchi ta’minot yo‘lini kesib qo‘yishga urinmoqda.
Rossiyaliklar yurish qilishga tayyorlanayotgani haqida Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi ham xabar bergan. Boshqarma vakili Vadim Skibitskiy Italiyaning Corriere della Sera nashriga bergan intervyusida Rossiya havo harorati pasayishi fonida Ukraina energetika infratuzilmalariga yangi zarbalar yo‘llashga tayyorlanayotgani, shuningdek mamlakat sharqidagi ayrim yo‘nalishlarda hujum boshlashga urinayotgani haqida gapirgan.
«Biz Donetsk oblastida bosim oshishiga guvoh bo‘lmoqdamiz… Katta ehtimol bilan, ular Zaporijjya oblastiga yangi hujum boshlashadi. Xarkiv yo‘nalishida esa bizning qarshi hujumlarimizni to‘xtatishga urinishadi. Va Xersonda, ayniqsa o‘zlari uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Qrim yarimorolida mudofaa chiziqlarini mustahkamlashga harakat qilishadi», degan Skibitskiy.
Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Aleksey Arestovichning ishonch bildirishicha, ilk hujum amaliyotlarini aynan Rossiya boshlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina hozircha yaqin vaqtlar ichida katta hujum boshlash uchun yetarli kuch va vositalarni jamlashga ulgurmagan.
«[G‘arb qurollari] yetkazib berilishi sur’ati tufayli biz ular hujum boshlashidan oldinroq kuchlarni jamlashga ulgurmadik», degan Arestovich YouTube’dagi «Feygin-Live» efirida.
Arestovich Rossiya Xarkiv va Zaporijjya yo‘nalishlarida hujum boshlashini prognoz qilgan.
Mavzuga oid
18:44
Ukraina dronlari Rossiyaning kamida 14 regioniga hujum qildi
10:02 / 13.06.2026
Ukraina armiyasida keng ko‘lamli islohotlar boshlandi
23:16 / 12.06.2026
Yevropa Ittifoqi Ukraina va Moldova a’zoligi bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi
17:21 / 12.06.2026