Jahon | 10:44 / 12.01.2023
2750
2 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiyaning urushga qarshi tashkiloti Rossiyada nomaqbul deb e’lon qilindi

«Shvetsiyadagi Rossiya urushga qarshi qo‘mitasi» nodavlat tashkiloti Rossiya hududidagi nomaqbul tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan, deb xabar berildi Adliya vazirligi saytida.

Foto: RBK

Rossiya Adliya vazirligi Shvetsiyaning Ryska Antikrigskommitteten i Sverige («Shvetsiyadagi Rossiya urushga qarshi qo‘mitasi») nodavlat tashkilotini nomaqbul tashkilotlar ro‘yxatiga kiritdi. Tegishli yozuv 11 yanvar, chorshanba kuni vazirlik saytida paydo bo‘ldi.

Nodavlat notijorat tashkiloti Bosh prokuratura qarori asosida reyestrga kiritildi, deb xabar qildi Adliya vazirligi.

Bosh prokuratura 2022 yil dekabrida «Shvetsiyadagi Rossiya urushga qarshi qo‘mitasi» faoliyatini nomaqbul deb topdi. Vazirlik xabarida aytilishicha, tashkilot faoliyati Rossiya «konstitutsiyaviy tuzumi va xavfsizligi asoslariga tahdid soladi». Tashkilot bu qarorni noqonuniy deb atadi. «Bu choralar faqat faollarimiz va tarafdorlarimizni qo‘rqitish uchun qo‘llanmoqda. Biz Rossiya hududida hech qanday faoliyat olib bormaymiz, biz Shvetsiya yoki boshqa hokimiyat organlariga qaram emasmiz va Shvetsiya qonunchiligiga to‘liq amal qilamiz», - deyiladi tashkilotning 22 dekabr kungi xabarida. 

«Shvetsiyadagi Rossiya urushga qarshi qo‘mitasi» 2022 yil may oyida tashkil etilgan. Tashkilot o‘z maqsadi sifatida Ukrainadagi Rossiya urushiga qarshi norozilik namoyishlari o‘tkazish, Shvetsiya parlamenti uchun Rossiyadagi siyosiy muxolifat haqida hisobot tayyorlash, shuningdek, ruslarning Shvetsiyaga kirishiga yordam berish kabi masalalarni e’lon qildi.

Hozirgi vaqtda 72 ta xalqaro va xorijiy tashkilotlar Rossiya Adliya vazirligi tomonidan nomaqbul deb tan olingan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid