Jahon | 21:58 / 14.01.2023
7227
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya Ukrainaga Challenger 2 og‘ir tanklarini beradi

Ular urushda yordam berolmaydi, ammo boshqa G‘arb davlatlarini og‘ir tanklarni yetkazib berishga undashi mumkin.

Foto: army.mod.uk

Buyuk Britaniya Ukrainaga 12 ta Challenger 2 tankini yetkazib beradi, dedi Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga. 

«Bosh vazir Buyuk Britaniyaning Ukrainaga Challenger 2 tanklari va qo‘shimcha artilleriya tizimlarini yetkazib berish niyati borligini ta’kidladi. U va butun Buyuk Britaniya hukumati xalqaro hamkorlar bilan birgalikda Ukraina g‘alabasini ta’minlash uchun tezkor yordam ko‘rsatmoqchi», - deb bosh vazir so‘zlarini keltirdi BBC

Harbiy ekspertlarning ta’kidlashicha, Challenger 2 tanklari Ukraina frontida unchalik foyda bermaydigan bir qator xususiyatlarga ega. Masalan, ularning og‘irligi 75 tonnaga teng, bu esa ularni ko‘priklardan o‘tishini cheklaydi, shuningdek, ularni saqlash, texnik ko‘rikdan o‘tkazish va o‘q-dorilar bilan ta’minlash ham qiyin bo‘ladi. 

Conflict Intelligence Team tahlilchilarining yozishicha, bunday tanklarning yetkazilishi faqat og‘ir qurollarni yetkazib berishga qo‘yilgan taqiqni olib tashlash uchun foydalidir. 

«Challenger 2 tanklarini yetkazib berish ehtiyot qismlar va logistika bilan bog‘liq muammolarga olib keladi. Challenger 2 tanki juda og‘ir: 75 tonna. (Taqqoslash uchun, T-72B3M tanki og‘irligi taxminan 47 tonna). Sovet davrida qurilgan ko‘priklar 50 tonnagacha yuk ko‘tarishga mo‘ljallangan; Ukrainada mavjud tirkamalar ham bunday og‘ir texnikani tashishga qodir emas. Bundan tashqari, katta hajmli bunday tanklarni temir yo‘l orqali tashishda muammolar bo‘lishi mumkin». 

The Guardian va Bloomberg ham shunday fikrga ega. Ularning yozishicha Buyuk Britaniya Challenger 2 tanklarini yetkazib berish haqidagi qarori bilan Germaniyaga bosim o‘tkazishi mumkin. Bu davlat shu vaqtgacha Leopard 2 tanklarini Ukrainaga yetkazib berishdan bosh tortib kelayotgan edi. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid