O‘zbekiston | 07:40 / 14.01.2023
19429
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston xalq shoiri Enaxon Siddiqova vafot etdi

Enaxon Siddiqova

O‘zbekiston xalq shoiri, Oliy Majlis Senati a’zosi, Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi rahbari, shoira Enaxon Siddiqova 68 yoshida vafot etdi.

Enaxon Siddiqova 1954 yil 28 avgust kuni Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida tavallud topgan. Farg‘ona davlat institutining filologiya fakultetida (1972–1976) tahsil olgan. 

Oltiariq va Farg‘ona tumanlari maktablarida o‘qituvchi, maktab direktori vazifalarida xizmat qilgan (1976–1996). O‘zbekiston XDP Farg‘ona tumani ikkinchi kotibi (1996), «Farg‘ona haqiqati»-«Ferganskaya pravda» gazetasi muxbiri (1990–1997), Farg‘ona viloyati hokimligi xodimi (1997–2001) lavozimlarida ishladi. 

Shoira shu kunga qadar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi rahbari, «Qalb sadosi» haftalik gazetasining bosh muharriri vazifasida xizmat qilib kelayotgan, 2015 yildan shu kunga qadar Oliy Majlis Senati a’zosi edi.

Enaxon Siddiqova atoqli shoir Erkin Vohidovning «Oq yo‘li» (1977) bilan adabiyotga kirib keldi. Shundan so‘ng uning «Qorako‘z turnalar», «Sumanbar nasim», «Ko‘ngil ufqlari», «Ishq ifori», «Sizni dedim» kabi she’riy to‘plamlari, «Sirli tun faryodi», «Ona haqida qo‘shiq», «Vatanga baxshida umr» kabi hikoyalar va liro-epik qissalar majmuasi, «Qizoyimlarga kelinlik saboqlari», «Tibbiyot fidoyilari», «Xaloskorlik», «E’zozli ayollar» kabi publitsistik asarlari chop etilgan.

Adabiyotshunoslar shoiraning she’rlariga baho berar ekan, u o‘z asarlarida inson deb atalgan sehrli-mo‘jizakor xilqatning ma’naviy-axloqiy fazilatlarini alqaydi, himoya qiladi, olqishlaydi, insonga ishonch ruhi, samimiyat uning ijodida badiiyatning muhim unsurlari sifatida bo‘y ko‘rsatadi, deb ta’riflaydi.

Enaxon Siddiqova «Eng ulug‘, eng aziz» tanlovining respublika bosqichi g‘olibi bo‘lgan.

Adabiyot rivoji yo‘lidagi mehnatlari munosib e’tirof etilib, unga 2004 yili «Do‘stlik», 2009 yili «El-yurt hurmati» ordenlari, 2016 yili esa «O‘zbekiston xalq shoiri» faxriy unvoni berilgan. 2018 yili Farg‘ona davlat universitetining faxriy professori unvoniga munosib ko‘rilgan edi.

Mavzuga oid