Jahon | 10:37 / 16.01.2023
5009
2 daqiqa o‘qiladi

Madridda o‘n minglab shifokorlar norozilik namoyishiga chiqdi

Tibbiyot xodimlari Madrid hukumatini sog‘liqni saqlash tizimini yo‘q qilishda ayblamoqda. Namoyishchilar Ispaniya poytaxti markazida yurish uyushtirishdi.

Foto: Reuters

15 yanvar, yakshanba kuni o‘n minglab tibbiyot xodimlari avtonom hamjamiyat hukumati sog‘liqni saqlash tizimini yo‘q qilganiga norozilik bildirish uchun Madrid ko‘chalariga chiqdi. Oq xalat kiygan namoyishchilar barabanlar chalib, shiorlar bilan shaharning markaziy ko‘chalari bo‘ylab yurishdi.

Mintaqaviy hukumat hisob-kitoblariga ko‘ra, Ispaniya poytaxtida «Oq to‘lqin» nomini olgan norozilik yurishida 30 mingga yaqin odam qatnashgan. Aksiya tashkilotchilarining fikricha, Madrid mamlakatning eng boy mintaqalaridan biri, ammo birlamchi tibbiy yordamga Ispaniyada aholi jon boshiga eng kam mablag‘ sarflaydi.

So‘nggi yillarda, ayniqsa 2020 yilda COVID-19 pandemiyasi boshlanganidan beri, konservativ Xalq partiyasi vakili Izabel Dias Ayuso boshchiligidagi Madrid hukumati kasalxonalar va birlamchi tibbiy yordam markazlarida xodimlarning kam ta’minlanganligi uchun tanqid ostiga olindi. Ayuso xodimlar yetishmasligini rad etyapti hamda 2023 yilgi munitsipal va mintaqaviy saylovlar oldidan so‘l qanot partiyalar tomonidan norozilik namoyishlari va ish tashlashlar uyushtirilayotganini da’vo qilyapti.

2022 yil noyabr oyida o‘n minglab odamlar mehnat sharoitlarini yaxshilash talabi bilan tibbiyot xodimlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Madrid markazi bo‘ylab yurish qilgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid