Jahon | 18:50 / 19.01.2023
26545
2 daqiqa o‘qiladi

Putin Cho‘qintirish bayrami munosabati bilan muz o‘yig‘iga tushdi

Rossiya prezidenti nasroniylarning diniy amalini bajardi.

Foto: TASS

19 yanvar kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin nasroniylarning Cho‘qintirish bayrami munosabati bilan muz o‘yig‘iga tushib, suvda cho‘mildi. Bu haqda Rossiya rahbarining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

Shu bilan birga, Peskov prezidentning cho‘milayotgan paytidagi fotosuratlar va videolavhalar jurnalistlarga berilmasligini ta’kidladi.

«Bugun Cho‘qintirish bayrami, prezident ramziy cho‘milishda ishtirok etdi, buni Moskva viloyatida amalga oshirdi. Bu safar hech qanday video yoki fotosuratlar yo‘q, biz shunchaki u an’anaga amal qilgani haqida xabar beryapmiz», dedi Kreml matbuot kotibi.

Kreml birinchi marta Putinning Cho‘qintirish bayramida cho‘milgani haqida 2018 yilda xabar bergan edi. U Seliger ko‘lida muz o‘yig‘iga tushib, nasroniylar amalini bajardi. 2019 yilda Putin Moskva viloyatida cho‘mildi. 2022 yilda Putin mamlakatdagi epidemiologik vaziyat tufayli muz o‘yig‘iga tushmadi. Peskovning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili cherkov vakillari COVID-19 pandemiyasi tufayli diniy amalni bajarishni tavsiya qilmagan edi.

Mavzuga oid