Jahon | 12:03 / 20.01.2023
9831
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Germaniyadan «kuchli tanklar koalitsiyasi» tuzishni so‘radi

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi rahbari o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, Germaniya ishlab chiqaruvchi davlat sifatida nafaqat boshqa davlatlar tomonidan Leopard tanklarini eksport qilishni ma’qullashi, balki ularni Kiyevning o‘ziga yetkazib berishi kerak.

Andrey Melnik / Foto: Ukraina tashqi ishlar vazirligi

Ukraina tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Melnik Germaniya hukumatini Kiyevni qo‘llab-quvvatlovchi «kuchli tanklar koalitsiyasi»ni tuzishga chaqirdi. «Ukrainaliklar Ramshtayn sammitidan so‘nggi qurol tizimlarini yetkazib berishda haqiqiy yutuqni kutishmoqda», dedi Melnik 20 yanvar, juma kuni chop etilgan Redaktionsnetzwerk Deutschland (RND) guruhiga bergan intervyusida.

«Ramshtayn yig‘ilishida hukumatga eng katta iltimos - Germaniya Leopard masalasi bo‘yicha o‘zining g‘alati blokadasini to‘xtatibgina qolmay, balki haqiqiy yetakchilikni namoyish etishi va Ukraina uchun kuchli tank koalitsiyasini tashkil etishi lozim», — dedi u. Melnik bunday «tank ittifoqi»ni yaratish tashabbusi haqida oktyabr oyida Ukrainaning Germaniyadagi elchisi lavozimini tark etganida gapirgan edi.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi rahbari o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, Germaniya ishlab chiqaruvchi davlat sifatida Finlandiya va Polsha kabi boshqa davlatlar tomonidan Leopard tanklari eksport qilinishini ma’qullabgina qolmay, balki ularni Ukrainaga o‘zi yetkazib berishi kerak. Melnik, shuningdek, Kiyev hukumati Germaniyaning yangi mudofaa vaziri Boris Pistoriusdan umidlari katta ekaniga ishora qildi. U Germaniyadan Ukrainaga harbiy yordamni sezilarli darajada kengaytirishi kutilmoqda, dedi u.

Germaniyaning yangi mudofaa vaziri Boris Pistorius Germaniyaning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqlab, Berlin o‘z ittifoqchilari bilan yelkama-yelka turishini ta’kidladi. 

«Biz hamkorlarimiz bilan birgalikda Ukrainani erkinlik, hududiy mustaqillik va suverenitet uchun kurashida qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz», — dedi u Berlinda amerikalik hamkasbi Lloyd Ostin bilan uchrashuv oldidan. U Kiyevga Leopard 2 jangovar tanklarini yetkazib berish haqidagi bahsli masalaga to‘xtalmadi.

Ayni paytda NATOning Yevropadagi ittifoqchi kuchlari bosh qo‘mondoni, amerikalik general Kristofer Kavolining fikricha, Ukrainaga harbiy yordam berish masalasi muhokama qilinayotganda hech qanday qurol turiga yopishib olmaslik kerak. «Barcha muammolarni sehrli tarzda hal qiladigan maxsus qurol tizimi yo‘q. Bu masalada barcha tizimlar muvozanati muhim», - dedi u NATO harbiy qo‘mitasi yig‘ilishidan so‘ng.

NATO harbiy qo‘mitasi rahbari Rob Bauer, o‘z navbatida, Kiyevga «har qanday qurol-yarog‘ kerak ekanini» ta’kidladi. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, «Rossiya tanklar bilan jang qilmoqda, shuning uchun Ukrainaga ular ham kerak».

20 yanvar kuni Germaniyaning Ramshtayn shahridagi AQSh harbiy bazasida G‘arb ittifoqchilarining Ukrainaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha navbatdagi konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Kiyevga yangi turdagi qurollar, jumladan, Leopard tanklarini yetkazib berish uchrashuvning asosiy mavzusiga aylanishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid