Jahon | 10:36 / 20.01.2023
10123
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Germaniyani Leopard tanklari bo‘yicha pozitsiyasi tufayli tanqid qildi

«Agar sizda Leopard tanklari bo‘lsa, ularni bizga bering», - deya murojaat qildi Ukraina prezidenti Germaniya hukumatiga. U mamlakati o‘zini himoya qilayotgani va Rossiyaga hujum qilish niyatida emasligiga ishontirdi.

Foto: president.gov.ua

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ramshtayndagi o‘z mamlakatiga harbiy yordam bo‘yicha konferensiya oldidan yana Leopard asosiy jangovar tanklarini yetkazib berishga chaqirdi va bu borada Germaniya hukumatini tanqid qildi. Germaniyaning ARD telekanaliga 19 yanvar, payshanba kuni kechqurun e’lon qilingan intervyusida u Berlinning qurol-yarog‘ yetkazib berishda o‘z imkoniyatlariga emas, balki boshqa davlatlarga e’tibor qaratish istagini qabul qilinishi mumkin emasligini aytdi.

«Hozir savdolashish vaqti emas, omon qolish vaqti. Biz omon qolishimiz kerak», - dedi Zelenskiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada har kuni odamlar halok bo‘layotgan bir paytda G‘arb yana olti oy munozaralar o‘tkazmoqchi. «Agar sizda Leopard tanklari bo‘lsa, ularni bizga bering», dedi Ukraina davlati rahbari. Shu bilan birga, u Ukraina o‘zini Rossiya bosqinidan himoya qilayotganini va Rossiyaga hujum qilishni rejalashtirmayotganini ta’kidladi. «Bu Leopard tanklari Rossiya bo‘ylab yurmaydi, biz mudofaa holatidamiz», — dedi u.

Shu bilan birga, Zelenskiy Germaniya kansleri Olaf Sholsga ko‘rsatilgan harbiy yordam uchun minnatdorchilik bildirdi. «Hamma eshitishini istayman – biz Germaniyadan minnatdormiz», dedi u va Shols Ukraina armiyasiga «juda yaxshi yordam paketi» taqdim etganini ta’kidladi. Ukraina prezidenti, shuningdek, Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimini mustahkamlash uchun G‘arb ittifoqchilari tomonidan ko‘mak kuchayishiga umid bildirdi. «Rossiya bizning havo hududimizni nazorat qilmasligini istardim», — deya qo‘shimcha qildi u.

Zelenskiy hozirgi bosqichda Moskva bilan muzokaralar o‘tkazish imkoniyatini rad etdi. «Rossiya mamlakatimizni butunlay tark etsa, diplomatik yo‘l bilan hal qilish yo‘lidagi qadamlar haqida gapirish mumkin bo‘ladi», - dedi u. Shu bilan birga, u Rossiyadan Ukrainaga yetkazilgan zararni qoplashni talab qildi. «Bizga adolat kerak», dedi Ukraina prezidenti.

Germaniya ayni damda Polsha va boshqa ittifoqchilar tomonidan kuchli bosim ostida, ular uni Germaniyada ishlab chiqarilgan Leopard tanklarini Ukrainaga yetkazib berishga rozi bo‘lishga undamoqda. Varshava hatto Berlinning roziligisiz Leopard'ni Kiyevga o‘tkazishga tayyorligini ochiq ko‘rsatdi. Germaniya hozircha ittifoqchilar, jumladan, AQSh ham xuddi shunday qilsagina, Ukrainaga tanklar berishga rozi bo‘lishini aytgan.

20 yanvar kuni Ramshtaynda G‘arb ittifoqchilarining Ukrainaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha navbatdagi konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Kiyevga yana bir necha milliard dollarlik qurol paketi ajratilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, ekspertlarning qayd etishicha, agar ittifoqchilar Kiyevga zamonaviy jangovar tanklarni topshirish bo‘yicha kelishmasa, bu uchrashuv muvaffaqiyatsiz deb hisoblanadi.

Mavzuga oid