Jahon | 11:09 / 21.01.2023
12456
3 daqiqa o‘qiladi

«Vagner» MARdagi oltindan 1 mlrd dollargacha daromad oladi - Politico 

«Vagnerchilar» konni o‘zlashtirishdan olgan foydasini, ehtimol, qurol sotib olish va yollanma askarlarga sarflaydi. AQSh rasmiylariga ko‘ra, bu pullar Ukrainadagi urushni moliyalashtirish uchun ham ishlatilishi mumkin.

Foto: French Army/AP/picture alliance

«Vagner» XHK 2022 yilda Markaziy Afrika Respublikasida (MAR) konchilikni sezilarli darajada kengaytirdi. Bu haqda 19 yanvar, payshanba kuni Amerikaning Politico nashri g‘arb rasmiysi va AQSh hukumati telegrammasiga asoslanib ma’lum qildi. Nashrning yozishicha, o‘tgan yil davomida qazib olingan oltindan foyda 1 milliard dollargacha yetishi mumkin. XHK, ehtimol, bu mablag‘larni qurol sotib olish va yollanma askarlarga sarflaydi.

Harbiy kompaniya 2018 yilda MARda yaqin hamkorlikda ishlay boshladi, madaniy markaz yaratdi va konlarni, jumladan, mamlakat markazidagi Bambari shahri yaqinida joylashgan Ndassima oltin konini himoya qilish bo‘yicha bir qancha bitimlar tuzdi. O‘shandan beri vagnerchilar bir paytlar qo‘lbola holatda bo‘lgan konni ulkan majmuaga aylantirdilar, deyiladi AQSh hukumati bayonotida.

Bugungi kunda u o‘zlashtirishning turli bosqichlarida bo‘lgan sakkizta sanoat zonasidan iborat - ularning eng chuquri, ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, 60 metrga yetadi. Hujjatga ko‘ra, XHK shaxtani mustahkamladi, daryo o‘tish joylarida ko‘priklar qurdi va muhim joylarda yuk mashinalarida zenit qurollarini o‘rnatdi.

«Ular amalga oshirayotgan bu harakatlar kon bo‘yicha uzoq muddatli rejalardan dalolat beradi. Ularning konchilikni kengaytirayotgani, uzoq muddatli rejalarni ishlab chiqayotgani, menimcha, mahalliy harbiylar bilan qanchalik integratsiyalashganligi va MAR hukumatining ularga qaramligi darajasidan dalolat beradi», dedi Katrina Doksi, Kolumbiya okrugidagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazining Transmilliy tahdidlar loyihasi xodimi.

XHK Afrikadagi konchilik manfaatlarini ilgari surish uchun kuch ishlatish bo‘yicha boy tajribaga ega. 2021 yilda vagnerchilar Markaziy Afrika Respublikasidagi kon hududida yashovchi isyonchilar va tinch aholini konni yanada rivojlantirish maqsadida uylaridan haydab chiqarish maqsadida qatl etishda ayblangan. O‘shandan beri «Vagner» XHK Ndassima konida Madagaskarda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniya niqobi ostida ishlamoqda, deb yozadi nashr.

AQSh rasmiylari «Vagner» XHK foydali qazilmalar qazib olishdan olingan daromadni G‘arb sanksiyalari ostidagi Rossiya davlatini qo‘llab-quvvatlash va Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi uchun mablag‘ oqimini yaratish uchun ishlatayotgani haqida bir necha bor ogohlantirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid