Jahon | 18:22 / 24.01.2023
7148
2 daqiqa o‘qiladi

JSST bolalarni zararli dorilardan himoya qilishga chaqirdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) dunyo mamlakatlarini sifatsiz va qalbaki dorilardan foydalanishning oldini olishga chaqirdi.

Foto: AP

Ta’kidlanishicha, so‘nggi to‘rt oy ichida dunyoda dietilenglikol (DEG) va etilenglikol (EG) bilan zararlangan, retsepsiz sotiladigan yo‘talga qarshi siroplardan foydalanish oqibatida o‘lim holatlari aniqlangan. Bu holatlar kamida yettita davlatda sodir bo‘lgan, ularning uchtasida 300 dan ortiq o‘lim holatlari qayd etilgan. Ularning aksariyati besh yoshgacha bo‘lgan bolalardir.

Bu moddalar sanoatda erituvchi va antifriz sifatida ishlatiladigan zaharli kimyoviy moddalar bo‘lib, ular oz miqdorda bo‘lsa ham o‘limga olib kelishi mumkin va hech qachon dori vositalarida ishlatilmasligi kerak, deyiladi JSST xabarida.

O‘lim holatlaridan kelib chiqib, JSST uchta global ogohlantirishni e’lon qilgan. Birinchisi 2022 yil 5 oktyabrda Gambiya davlatida yuz bergan o‘lim holatlari bilan bog‘liq. Ikkinchisi 2022 yil 6 noyabrda Indoneziya bilan bog‘liq. Uchinchisi 2023 yil 11 yanvarda O‘zbekiston bilan bog‘liq.

JSST ogohlantirish xatini dunyoning 194 ta davlatiga yuborgan. Tashkilot: (a) zaharli dori vositalarini aniqlash va sotuvdan olib tashlash, (b) ta’minot zanjirlarida nazoratni kuchaytirish, (s) sifatsiz dorilar aniqlanganda zudlik bilan aholiga va JSSTga xabar berishni talab qilmoqda.

O‘lim holatlari ommaviy bo‘lgani sababli, JSST dori ta’minoti zanjirida ishtirok etuvchilarni zudlik bilan zarur choralarni ko‘rish va hamkorlikda ishlashga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil oxirida Hindistonning «Marion Biotech» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan yo‘talga qarshi «Dok-1 Maks» siropidan foydalanish oqibatida O‘zbekistonda kamida 20 nafar bola vafot etgan edi.

Mavzuga oid