Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Polsha Ukrainaga Leopard yetkazib berish borasida Germaniyaga murojaat qiladi
Polsha Germaniya hukumatidan Germaniyada ishlab chiqarilgan Leopard asosiy jangovar tanklarini Varshava tomonidan Ukrainaga yetkazib berishga qarshilik ko‘rsatmaslikni so‘raydi. Bu haqda Polsha hukumati rahbari Mateush Moravetskiy Poznanda ma’lum qildi.
«Biz bunday ruxsat olish uchun ariza beramiz, lekin bu - ikkinchi darajali masala», - dedi Moravetskiy va Polsha Berlinning roziligini olmasa ham, kichik koalitsiya ichida harakat qilishini qo‘shimcha qildi.
«Agar nemislar ushbu koalitsiyaning bir qismi bo‘lmasa, biz tanklarimizni boshqalar bilan birga Ukrainaga o‘tkazamiz», deb va’da qildi Moravetskiy.
Avvalroq, 22 yanvar kuni Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Fransiyaning LCI telekompaniyasiga bergan intervyusida Germaniya hukumati Leopard 2 tanklarini Polshadan Ukrainaga yetkazib berishga to‘sqinlik qilmasligini aytgan edi.
«Bizdan hali so‘ralgani yo‘q, agar so‘rashsa, biz to‘sqinlik qilmaymiz», — dedi Germaniya tashqi ishlar vaziri.
«Biz bu tanklar naqadar muhimligini bilamiz va shuning uchun hozir buni hamkorlarimiz bilan muhokama qilmoqdamiz. Biz hayotni saqlab qolish va Ukraina hududini ozod qilish uchun hamma narsani qilishimiz kerak», - deya qo‘shimcha qildi Berbok.