Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Braziliya Ukrainada tinchlikka erishish formatini taklif qildi
Da Silvaning fikricha, Ukrainadagi mojaroni hal qilish uchun yangi ko‘p tomonlama format zarur. Uning ta’kidlashicha, mamlakati Ukrainani nemislarning Gepard O‘ZQ uchun snaryadlar bilan ta’minlanmaydi.
Braziliya prezidenti Luiz Inasiu Lula da Silva 30 yanvar, dushanba kuni uning mamlakati Ukrainaga Germaniya tomonidan berilgan Gepard o‘ziyurar zenit qurilmalari (O‘ZQ) uchun snaryadlarni yetkazib bermasligini aytdi. Braziliyaga rasmiy tashrif bilan kelgan Germaniya kansleri Olaf Shols Braziliya rahbariyatidan shunday ta’minotni so‘ragan.
Shols bilan qo‘shma matbuot anjumanida da Silva Rossiyaning Ukrainaga bo‘lgan tajovuzini to‘g‘ridan to‘g‘ri qoralashdan ham qochdi. Braziliya rahbari faqatgina Moskva boshqa davlat hududiga hujum qilib, «klassik xatoga yo‘l qo‘ydi» va bu bilan «noto‘g‘ri» harakat qildi, degan fikrni bildirdi. Uning ta’kidlashicha, mojaroning asl sabablari unga unchalik aniq emas.
Shu bilan birga, da Silva har ikki tomondan tinchlik yo‘li bilan kelishuv bo‘yicha «juda kam» takliflarni eshitganini ta’kidladi. U Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarida vositachilik qilishni taklif qilib, kelishuv uchun yangi ko‘p tomonlama format zarurligini ta’kidladi. Braziliya prezidenti Ukrainada tinchlikka erishish uchun boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilishda davom etishini qo‘shimcha qildi. U, xususan, mart oyiga mo‘ljallangan Pekinga tashrifi chog‘ida ushbu mavzuni muhokama qilish niyatida.
Braziliyadan oldin Germaniya kansleri Argentina va Chiliga ham tashrif buyurgan. Bu ikki davlatning prezidentlari ham Sholsga Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni, jumladan, qurol-yarog‘ yetkazib berishni kuchaytirishga va’da berishdan bosh tortdilar. Biroq, da Silvadan farqli o‘laroq, ular Rossiya agressiyasini aniqroq qoraladilar.
Shu bilan birga, 29 yanvar kuni Argentinaga tashrifi chog‘ida Shols Yevropa Ittifoqi hamda Argentina, Braziliya, Paragvay, Urugvay va Venesuelani o‘z ichiga olgan Mercosur o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga chaqirdi (Venesuelaning a’zoligi 2017 yildan noma’lum muddatga to‘xtatilgan). Berlin Janubiy Amerika mamlakatlari demokratik hukumatlari bilan munosabatlarni mustahkamlash orqali Germaniyaning Xitoydan xomashyo yetkazib berishga qaramligini kamaytirishni kutmoqda, deydi tahlilchilar.
Mavzuga oid
10:02
Ukraina armiyasida keng ko‘lamli islohotlar boshlandi
23:16 / 12.06.2026
Yevropa Ittifoqi Ukraina va Moldova a’zoligi bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi
17:21 / 12.06.2026
Rossiya–Ukraina urushida front chizig‘i: tashabbus kim tomonda?
16:47 / 10.06.2026