Jahon | 09:42 / 31.01.2023
9956
5 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi fermerlar shikoyatiga qaramay, Ukrainadan importni cheklamaydi

Ukrainadan Yevropa Ittifoqiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importining ko‘payishi qo‘shni mamlakatlar ishlab chiqaruvchilariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Buning oqibatlarini yumshatish uchun Bryussel Ukrainaga zarar keltirmaydigan choralarni qidirmoqda.

Foto: Reuters

Ukrainadan Yevropa Ittifoqiga qishloq xo‘jaligi importining ortib borayotgan hajmi unga chegaradosh mamlakatlar fermerlariga ta’sir ko‘rsatdi, ammo Yevropa Ittifoqi Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga ilgari bekor qilingan bojlarni joriy etish variantini ko‘rib chiqmayapti. Bu haqda 30 yanvar, dushanba kuni Yevropa Ittifoqi davlatlari tegishli vazirlari kengashining Bryusselda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishi yakunlariga ko‘ra qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Yevropa komissari Yanush Voysexovskiy ma’lum qildi.

Uchrashuvning asosiy mavzusi Ukrainadagi urush fonida qishloq xo‘jaligi bozoridagi vaziyat bo‘ldi. Polsha, Vengriya, Ruminiya, Bolgariya, Slovakiya Ukrainadan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importining o‘sishi ushbu mamlakatlar ishlab chiqaruvchilari uchun oqibatlari haqida ma’ruza qildi.

Yanush Voysexovskiyning aytishicha, Ukrainadan Yevropa Ittifoqiga bug‘doy importi bir necha barobar ortdi: 2021 yildagi 287 ming tonnadan 2022 yilda 2,8 million tonnagacha. Yevropa Ittifoqiga import qilinadigan Ukraina makkajo‘xorisi hajmi deyarli ikki baravar ko‘paydi - 2021 yildagi 7,3 million tonnadan 2022 yilda 12 million tonnagacha. Ammo Ukrainadan Yevropa Ittifoqiga kungaboqar urug‘lari importi eng keskin o‘sishni qayd etdi: 2021 yilda bu ko‘rsatkich atigi 25 ming tonnani, 2022 yilda esa 1,8 million tonnani tashkil etdi. Masalan, urushdan oldin bu mahsulotning 3000 tonnasi Ukrainadan Bolgariyaga yetkazilgan bo‘lsa, Rossiya harbiy harakatlaridan keyin - 892 ming tonna.

Yevropa Ittifoqi Qishloq xo‘jaligi vazirlari kengashi ushbu muammoni hal qilish uchun Yevropa Ittifoqi darajasida choralar ko‘rish kerak degan qarorga keldi. «Ayni paytda Ukrainadan importni to‘xtatish yoki cheklash bo‘yicha hech qanday takliflar bo‘lmagan», - deya ta’kidladi Yevropa komissari. «Gap Ukrainadan tovar olib kirishdagi to‘siqlar yoki taqiqlar haqida emas, balki fermerlarga yordam berish haqida ketyapti. Bu haqda Yevropa Ittifoqi davlatlari vakillari gapirdi».

Yevropa Ittifoqi Ukrainani to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi, dedi Voysexovskiy. Savol boshqacha turibdi: Ukrainadan eksport o‘sishidan zarar ko‘rgan fermerlarga qanday yordam berish kerak? Bu masala Polsha tashabbusi bilan ko‘tarilgan.

Yevropa Ittifoqi bu muammoni hal qilish vositalariga ega, dedi Yevropa komissari. Bunday holda, Yevropa Ittifoqi inqiroz fondidan vaqtinchalik qo‘llab-quvvatlash sxemasini ishlab chiqish kerak. Xususan, fermerlarga sota olmagan g‘alla va urug‘larni saqlash uchun kompensatsiya to‘lash kerak. Yanush Voysexovskiy bu qimmat chora emasligini va katta sarmoya talab qilmasligini, vaqtinchalik muammo bo‘lib, urush tugaganidan keyin hal etilishini ta’kidladi.

Ayni paytda, Ukrainadan parranda go‘shti importi bilan bog‘liq qiyin masala bor, dedi u. Shu tariqa, urushgacha bo‘lgan 90 ming tonnadan import deyarli ikki baravar ko‘payib, 163 ming tonnaga yetdi, bu Ukraina bilan chegaradosh mamlakatlarda ushbu biznes vakillarini tashvishga solmoqda. Aniqrog‘i, ular Ukrainadagi bitta yirik kompaniya parranda bozorining 70 foizdan ortig‘ini nazorat qilayotganidan xavotirda. Bu borada Yevrokomissiya hozircha hech qanday chora ko‘rmadi, dedi Yanush Voysexovskiy.

Umuman olganda, u Ukrainadan Yevropa Ittifoqiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilinadigan temiryo‘lni «birdamlik liniyalari» deb atadi, bu juda muvaffaqiyatli tashabbus ekani va Rossiya bosqinining boshida Ukrainadan tovarlar eksporti deyarli to‘sib qo‘yilganini eslatdi. Bryussel nima bo‘lishidan qat’iy nazar «birdamlik liniyalari»ni kuchaytirish kerakligiga ishonadi.

Ayni paytda, Yevropa qishloq xo‘jaligi bozorida umumiy vaziyat so‘nggi oylarda barqarorlashdi, deb xabar berdi Yevropa Ittifoqiga raislik qilayotgan Shvetsiya qishloq xo‘jaligi vaziri Peter Kullgren. Biroq, Rossiya harakatlari bozorga qattiq zarba berdi va yuqori energiya narxlari qishloq xo‘jaligi uchun muammo bo‘lib qolmoqda. Vazirlar Ukraina qishloq xo‘jaligi sohasini yanada qo‘llab-quvvatlashni muhokama qildilar, chunki Ukrainadagi urush tufayli ishlab chiqarish keskin qisqargan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid