Jahon | 10:33 / 02.02.2023
15358
4 daqiqa o‘qiladi

Berlin: Ukrainadagi urushni vositachilar emas, balki Rossiya to‘xtata oladi

Germaniya hukumati fikricha, Rossiya urushni to‘xtatishga tayyorligini ko‘rsatmaguncha, Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarda vositachilik qilishdan ma’no bo‘lmaydi.

Olaf Shols / Foto: Glomex

Germaniya hukumati kansler Olaf Sholsning tashrifi chog‘ida Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva tomonidan bildirilgan Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini to‘xtatish bo‘yicha xalqaro vositachilik taklifini salbiy qabul qildi. Shols bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida da Silva tinch yo‘l bilan kelishuv bo‘yicha «juda kam» mulohazalarni eshitganini ta’kidladi hamda Moskva va Kiyev o‘rtasidagi muzokaralarda vositachilik qilishni taklif qildi.

«Menda hozir ehtimoliy vositachilar yetishmovchiligi yo‘qligi, biroq, birinchi navbatda, Rossiya tomonining Ukrainaga qarshi agressiv urushni to‘xtatish, qo‘shinlarni olib chiqish hamda halol va oshkora tinchlik muzokaralariga kirishishga tayyorligidan darak yo‘q, degan taassurot bor».

1 fevral, chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Germaniya hukumati rasmiy vakili Shteffen Xebeshtrayt Braziliya prezidenti taklifiga shunday izoh berdi. Buning o‘rniga, Rossiya Ukrainaning fuqarolik infratuzilmasiga qarshi havo hujumlarini davom ettirmoqda hamda Ukraina chegarasiga qo‘shimcha askar va qurol-yarog‘ to‘plamoqda.

Xebeshtrayt bunday g‘oyalarga «ko‘r-ko‘rona ishonib qo‘ymaslik»ni maslahat berdi va boshqa xorijiy siyosatchilar, xususan, Turkiya prezidenti va yaqinda Isroilning yangi bosh vaziri Rossiya-Ukraina qurolli mojarosini hal qilish uchun o‘zlarini vositachi sifatida taklif qilganini eslatdi. Biroq, Berlinga ko‘ra, Rossiya vositachilik sa’y-harakatlariga javob berishga tayyor emas.

Shteffen Xebeshtraytning aytishicha, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi Sholsning nafaqat Braziliya prezidenti, balki Argentina va Chili rahbarlari bilan ham yuzma-yuz muzokaralari mavzusi bo‘ldi. Uning eslatishicha, Germaniya kansleri, shuningdek, Germaniya tashqi ishlar vaziri doimiy ravishda Ukraina tomonida turgan va Rossiya agressiyasini qaytarish uchun unga harbiy yordam ko‘rsatishga tayyor bo‘lgan davlatlar doirasini kengaytirishga harakat qilmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, Berlin Braziliyaning Ukrainaga topshirilgan Gepard o‘ziyurar zenit qurilmalari (O‘ZQ) uchun arsenallarida mavjud bo‘lgan o‘q-dorilarni yetkazib berishdan bosh tortganidan hafsalasi pir bo‘ldi. Germaniyaning o‘zida bu O‘ZQ uchun snaryadlar ishlab chiqarish to‘xtatildi. «Braziliya prezidenti Braziliya yuz yildan ortiq urush olib bormaganini va bunday mojarolarda betaraf ekanini eslatdi», — dedi Lotin Amerikasiga safarida kanslerga hamrohlik qilgan Xebeshtrayt.

Argentina va Chili ham Kiyevga harbiy yordam berishni istamaydi, vaholanki, uchala davlat ham, Germaniya hukumati vakiliga ko‘ra, Ukrainaga hujum qilib, Rossiya xalqaro huquq va BMT Nizomini buzganligini, chegaralarni kuch bilan o‘zgartirish hamda boshqa davlat hududini egallab olishga urinayotganini tushunadi. 

«Ammo har bir davlat qanday yordam ko‘rsatishni o‘zi hal qiladi, xuddi shunday, Germaniya va boshqa davlatlarga chet eldan yordam ko‘rsatishda o‘zini qanday tutish kerakligi aytilsa, buni yoqtirmaydi, - dedi Xebeshtrayt. - Kansler o‘z pozitsiyasini aytdi, Argentina, Chili va Braziliya o‘z pozitsiyasini egalladi. Albatta, ularni o‘zgartirish imkoniyatiga umid bor, lekin shu bilan birga siz boshqa davlatlar vaziyatni boshqacha ko‘rishiga chidashingiz kerak».

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid