Jahon | 23:01 / 02.02.2023
18149
3 daqiqa o‘qiladi

Norvegiyada Qur’onni yoqish taqiqlandi 

Politsiya «xavfsizlikni ta’minlay olmasligini» ma’lum qilib, antiislomiy tadbirga ruxsat bermadi. 

Foto: Anadolu Agency

Norvegiya hukumati musulmonlarning muqaddas kitobi Qur’onni tahqirlashni taqiqlab qo‘ydi. Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li ma’lum qildi. Aksiya 3 fevral kuniga belgilangan edi. 

«Biz Qur’oni Karimni tahqirlash bo‘yicha rejalashtirilgan aksiya haqida bilib, Norvegiya elchisiga qo‘ng‘iroq qildik. Shundan so‘ng ular tadbirni o‘tkazish ruxsatnomasini bekor qilishdi», dedi Turkiya TIV rahbari. 

Chavusho‘g‘li so‘zlariga ko‘ra, Shvetsiya va Daniyada so‘z erkinligi bahonasida Islom va Qur’onni haqorat qiluvchi aksiyalar davom etmoqda.  

«Bularning barchasi noto‘g‘ri. Din va e’tiqoddan qat’i nazar. Biz islomofobiya, antinasroniylik va antisemitizmni insoniyatga qarshi jinoyat deb bilamiz», dedi vazir. 

Avvalroq Norvegiyaning VG gazetasi o‘ta o‘ngchi antiislom tashkiloti rahbari Lars Torsenning «Norvegiyani islomlashtirishni to‘xtating» deb nomlangan tadbirini e’lon qilgan edi. Unga ko‘ra, Turkiya elchixonasi oldida norozilik aksiyasini o‘tkazish va Qur’onni yoqib yuborish rejalashtirilgan edi. 

Nashrning yozishicha, Norvegiya politsiyasi aksiya o‘tkaziladigan joy atrofida xavfsizlikni ta’minlash strategiyasini qayta ko‘rib chiqqan. 

«Umumiy tahlildan so‘ng, biz ushbu tadbirda xavfsizlikni qoniqarli tarzda ta’minlay olmaymiz degan xulosaga keldik», deb Oslo politsiyasi inspektori Martin Strand so‘zlarini keltirdi VG. 

21 yanvar kuni Turkiyaning Shvetsiyadagi elchixonasi yaqinida daniyalik Rasmus Paludan norozilik namoyishi o‘tkazib, Qur’onni yoqib yubordi. Shvetsiya sudi «so‘z erkinligi» tufayli tadbirni taqiqlay olmasligini ma’lum qildi. Shundan so‘ng, Turkiya rahbariyati Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish haqidagi arizasini qo‘llab-quvvatlamasligini ma’lum qilgan edi. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid