Jahon | 15:37 / 04.02.2023
13039
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh milliarder Malofeyevning musodara qilingan aktivlarini Ukrainaga beradi

Birinchi marta rossiyalikdan musodara qilingan mablag‘lar Ukrainaga yo‘naltiriladi. AQSh prokuraturasining da’vo qilishicha, Malofeyev sherigiga pul o‘tkazib, sanksiyalarni chetlab o‘tishga uringan. 

Konstantin Malofeyev / Foto: Reuters

AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan rossiyalik milliarder Konstantin Malofeyevning Qo‘shma Shtatlarda musodara qilingan aktivlari Ukrainaga o‘tkaziladi. Bu haqda 3 fevral, juma kuni AQSh bosh prokurori Merrik Garlend Ukraina bosh prokurori Andrey Kostin bilan uchrashuvda ma’lum qildi, deb yozadi CNN. 

«Bugun men musodara qilingan Rossiya aktivlarini Ukrainada foydalanish uchun birinchi marta topshirishga ruxsat berganimni e’lon qilaman, - deya Garlandning so‘zlaridan iqtibos keltirgan telekanal. - Mening sanksiyam bilan bugun musodara etilgan mablag‘lar Ukraina xalqini qo‘llab-quvvatlash uchun Davlat departamentiga o‘tkaziladi. Rossiyalik harbiy jinoyatchilar Qo‘shma Shtatlarda boshpana topa olmaydi». 

CNN ma’lumotlariga ko‘ra, gap 5,4 million dollarga teng aktivlar haqida ketmoqda. Avvalroq Nyu-York sudi prokurorlarga Malofeyevning Denver Sunflower Bank’idagi hisobraqami mablag‘larini musodara qilishga ruxsat bergan. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, u 2014 yilda o‘ziga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni buzgan holda mablag‘larni o‘zining biznes sherigiga o‘tkazishga uringan. Tadbirkor musodara qilish talabiga qarshi chiqmadi. 

«Tsargrad» telekanali asoschisi Konstantin Malofeyev 2014 yildan beri Qrim va Donbassdagi ayirmachilarni moliyalashtirishning muhim manbai sifatida ko‘riladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid