O‘zbekiston | 15:58 / 04.02.2023
14856
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaliklar O‘zbekistonga kelish bo‘yicha besh yillik rekordni yangiladi

2022 yilda Rossiya fuqarolari mamlakat tashqarisiga 24,3 million marta chiqqan. O‘zbekistonga kelish yil davomida 99 foizga oshdi.

Bu haqda Rossiya FXX ma’lumotlariga tayanib, «Novaya gazeta. Yevropa» xabar bermoqda.

Nashrning yozishicha, rossiyaliklar Armaniston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston va Mo‘g‘ulistonga kirish bo‘yicha besh yillik rekordni yangilagan. 2022 yilda rossiyaliklar ushbu mamlakatlarga 8,4 million marta kelgan, bu 2021 yilga nisbatan 4,7 millionga ko‘p. 

«Novaya gazeta. Yevropa» ta’kidlaganidek, Rossiyada safarbarlik e’lon qilingan 2022 yilning uchinchi choragida rossiyaliklarning aksariyati mamlakatni tark etgan. Iyul-sentabr oylarida 3,5 million marta Rossiyadan qo‘shni mamlakatlar kirib kelish qayd etilgan bo‘lsa, oktabr-dekabr oylarida - yana 2,1 million marta. 

Mo‘g‘ulistonga jo‘nab ketish yil davomida 989 foizga, Gruziyaga – 475 foizga, Qozog‘istonga – 234 foizga, Tojikistonga – 212 foizga, O‘zbekistonga – 99 foizga oshgan.

Bundan tashqari, 2022 yilda rossiyaliklarning Isroilga parvozlari soni ikki baravar ko‘paydi va 100 mingdan oshdi. Rossiyaliklarning Tailand, Shri-Lanka, Hindiston va Birlashgan Arab Amirliklariga jo‘nab ketishi soni ham ortgan.

FXX statistikasini tahlil qilgan «Mediazona» ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda Rossiyani koronavirus cheklovlari hali ham amalda bo‘lgan 2021 yilga qaraganda ko‘proq Rossiya fuqarolari tark etgan, ammo bu urushsiz va COVID-19’siz oddiy yilga qaraganda deyarli ikki baravar kam bo‘lgan.

Rossiya FXX Rossiya Federatsiyasi fuqarolarining mamlakatdan tashqaridagi barcha sayohatlarini hisobga oladi, ya’ni agar bir kishi chet elga ikki marta chiqqan bo‘lsa, ikkala safar ham statistikada hisobga olinadi. FXX rossiyaliklarning o‘z mamlakatiga qaytib kirishi haqidagi ma’lumotlarni oshkor etmaydi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid