O‘zbekiston | 11:12 / 06.02.2023
6153
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh O‘zbekistonga elektromobillar ishlab chiqarishda ko‘maklashadi

O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov Kaliforniya shtatining Manhetten-Bich va El-Segundo shaharlari merlari Richard Montgomeri va Dryu Boyls bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Foto: iStock

Uchrashuvda Kaliforniya shtatining Manhetten-Bich meri Richard Montgomeri kinematografiya sohasidagi O‘zbekiston kompaniyalari va o‘z shahridagi shu kabi firmalar bilan, xususan, Manhattan Beach Studios (video ishlab chiqarish xizmati) o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga ko‘maklashishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Kaliforniya shtatining El-Segundo shahari meri Dryu Boylsning aytishicha, u boshqarayotgan shaharda Fortune 500 ro‘yxatidagi o‘nlab kompaniyalarining ofislari joylashgan bo‘lib, shahar dunyoning aerokosmik poytaxti sifatida tan olingani, biofan, axborot texnologiyalari, energetika kabi firmalarni o‘z ichiga olganini aytdi.

Suhbat chog‘ida Amerika tomonidan O‘zbekiston kompaniyalari bilan elektromobillar ishlab chiqarish, kosmik va boshqa sohalarda hamkorlik aloqalarini o‘rnatishda ko‘maklashishga hozirlik bildirildi. «Men mamlakatingiz avtomobil sanoati va uning bu boradagi salohiyati, O‘zbekiston rasmiylarining mamlakatda ekologik toza transportni joriy etish borasidagi sa’y-harakatlari bilan tanishman, O‘zbekiston hukumati bilan bu yo‘nalishda hamkorlik qilishni istar edim», dedi Dryu Boyls.

Uchrashuv yakunida AQShning Kaliforniya shtati shaharlari merlari bilan sanoatning turli sohalarida o‘zaro aloqalarni davom ettirish, ikki davlat vakillarining bir qator onlayn muzokaralari va tashriflarini tashkil etishga kelishib olindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid