Jahon | 08:42 / 06.02.2023
7946
2 daqiqa o‘qiladi

Kiprda saylovlar: prezident ikkinchi turda aniqlanadigan bo‘ldi

Kipr sobiq tashqi ishlar vaziri Nikos Xristodulidis prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichida yetakchilik qilmoqda. Uning 12 fevraldagi ikkinchi bosqichda raqibi Kiprning BMTdagi sobiq doimiy vakili Andreas Mavroyannis bo‘ladi.

Foto: EPA

Kipr Respublikasida prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tadi. Bundan 5 fevral, yakshanba kuni e’lon qilingan dastlabki rasmiy natijalar darak beryapti. Saylovning ikkinchi bosqichi 12 fevral kuni bo‘lib o‘tadi.

Saylov byulletenlarining deyarli 100 foizini qayta ishlash natijalariga ko‘ra, birinchi turning so‘zsiz yetakchisi Kipr Tashqi ishlar vazirligining sobiq rahbari Nikos Xristodulidis bo‘ldi. Konservativ siyosatchi 32,04 foiz ovoz oldi.

Hal qiluvchi bosqichda qatnashish huquqini beruvchi ikkinchi o‘rin uchun keskin kurash olib borildi. Grek-kipr tomonining oroldagi kelishuv bo‘yicha sobiq bosh muzokarachisi va Kiprning BMTdagi sobiq vakili, so‘l qanot AKEL partiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Andreas Mavroyannis 29,59 foiz ovoz oldi. Hukmron "Demokratik yig‘in" (DISY) partiyasi rahbari Averof Neofituni ovoz berganlarning 26,11 foizi qo‘llab-quvvatladi.

Yevropa Ittifoqiga kiruvchi Kipr Respublikasi prezidenti xalq ovozi bilan saylanadi, hukumatni shakllantiradi va boshqaradi. Saylovlarda faqat grek-kiprliklar ishtirok etadi. Shimoliy Kipr Turk Respublikasi aholisi saylovlarda ovoz bermaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid