Jahon | 10:20 / 09.02.2023
3712
2 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiya Kiyevga 380 mln yevrolik harbiy yordamni ma’qulladi

Shvetsiya parlamenti hukumat tomonidan taklif etilgan mamlakat budjetiga Ukrainaga 4,3 milliard shved kronasi (379 million yevro) miqdorida yangi harbiy yordam paketini ajratishni nazarda tutuvchi tuzatishlarni ma’qulladi. 

Foto: Getty Images

Shvetsiya qurolli kuchlari cheklangan vaqt davomida foydalanmasligi mumkin bo‘lgan harbiy texnika Kiyevga beg‘araz asosda taqdim etiladi, deyiladi parlament bayonotida. 

Yordam paketiga tankka qarshi qurollar, minalardan tozalash vositalari, Robot 57 tankka qarshi yengil qurollar va Combat Vehicle 90 piyoda jangovar mashinalari kiradi.

Shvetsiya budjetiga kiritilayotgan o‘zgarishlar 13 fevraldan qonunchilik darajasida kuchga kiradi.

Avvalroq Norvegiya hukumati ko‘p yillik yordam paketi doirasida Ukrainaga 75 milliard krona (6,8 milliard yevro) ajratish niyatida ekani xabar qilingandi. 

Mamlakat bosh vaziri Yonas Gar Styorening so‘zlariga ko‘ra, mablag‘lar harbiy va fuqarolik yordami paketiga sarflanishi ko‘zda tutilgan. Dastur besh yilga mo‘ljallangan, ammo u hali Oslodagi parlament tomonidan tasdiqlanishi kerak. Mamlakatning eng yirik muxolifat partiyasi yetakchisi, sobiq bosh vazir Erna Sulberg Ukrainaga uzoq muddatli yordam ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid