O‘zbekiston | 15:29 / 11.02.2023
14866
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda to‘lov apparatlaridan pul o‘g‘irlab yurgan jinoiy guruh qo‘lga olindi  

Jinoiy guruh a’zolari Toshkent viloyati va poytaxt ko‘chalaridagi 3 ta to‘lov apparatini buzib ochib, ichidagi pullarni o‘g‘irlashgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Yunusobod tumani Baraka ko‘chasida joylashgan avtobus bekatidagi Paynet apparati buzib ochilgan va ichidagi 40 mln 278 ming so‘m pullar noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan. Olib borilgan tezkor tadbirlar davomida bu jinoyat bo‘yicha 4 nafar shaxs gumonlanib, hibsga olingan.

Ulardan birining ma’lum qilishicha, avval bankomatga naqd pul o‘zlari tomonidan qo‘yilib, plastik kartaga tushirib olingan. Keyin to‘rtovlon bekatdagi to‘lov apparatini buzib ochib, naqd pullarni o‘g‘irlashgan. Unga 8 mln so‘mdan ortiqroq ulush tekkan va bu pul qo‘lga olingunicha uning yonida bo‘lgan.

Toshkent shahar IIBB matbuot xizmatining xabar berishicha, surishtiruvlar natijasida bu to‘rtlik tomonidan xuddi shu jinoiy usulda yana boshqa ikki to‘lov apparatlari tunab ketilgani ma’lum bo‘lgan. Xususan, Olmazor tumani Jomiy aylanmasi bekatida joylashgan to‘lov apparatidan 24 mln 124 ming so‘m, Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi to‘lov apparatidan 310 ming so‘m pullarni o‘g‘irlashgan.

Mavzuga oid