O‘zbekiston | 22:28 / 14.02.2023
23082
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh vazirga maslahatchi va hukumat kotibiyatiga rahbar tayinlandi

Vazirlar Mahkamasining ijro apparati tugatilib, uni boshqarib kelgan Ravil Abduqodirov bosh vazirga maslahatchi etib tayinlandi. Ijro apparati o‘rniga tuzilgan bosh vazir kotibiyatiga Abdurashid Jo‘raboyev rahbar bo‘ldi. U bungacha prezident maslahatchisining o‘rinbosari edi.

Foto: Kun.uz

Ravil Abduqodirov bosh vazirning maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. Shu munosabat bilan u Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati boshqaruvchisi lavozimidan ozod etildi.

Abdurashid Jo‘raboyev bosh vazir kotibiyati rahbari lavozimiga tayinlandi. U 2019 yil sentabrdan buyon prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.

Foto: Bosh vazirning matbuot xizmati

Bu tayinlovlar haqida 14 fevral kuni “Nigoh” Telegram-kanalida xabar berildi.

11 fevralda Baxtiyor Hasanov pensiyaga chiqishi munosabati bilan bosh vazirning matbuot kotibi lavozimidan ozod etilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil boshidan O‘zbekiston hukumatida ma’muriy-tuzilmaviy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Ijro hokimiyati tizimidagi 86 ta vazirlik va idora 70 taga qisqartirildi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasidagi shtatlar soni 269 tadan 120 taga qisqardi.

Vazirlar Mahkamasi apparati o‘rniga hukumat rahbarining faoliyatini huquqiy, tashkiliy-texnik, axborot-tahliliy va protokol jihatdan ta’minlaydigan Bosh vazir kotibiyati tashkil qilindi.

Farmon e’lon qilinganida hukumatda amaldagi 8 nafar bosh vazir o‘rinbosari va 3 nafar bosh vazir maslahatchisi lavozimlaridan faqat 4 nafar bosh vazir o‘rinbosari qolayotgani aytilgan edi. Qayd etish lozim, bosh vazirga o‘z kotibiyatining umumiy shtatlari soni doirasida uning ijro etuvchi tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hukumatiga 2016 yil 14 dekabrdan buyon Abdulla Aripov raislik qilmoqda.

Mavzuga oid