O‘zbekiston | 17:03 / 16.02.2023
25966
2 daqiqa o‘qiladi

G‘allaorolda “uchastkavoy” tungi xizmat vaqtida begona ayol bilan qo‘lga tushdi

Viloyat IIBga ko‘ra, holat yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Foto: Videodan skrinshot

Qayd etilishicha, voqea 15 fevral kuni sodir bo‘lgan. Internetda tarqalgan videoda ichki ishlar xodimi kiyimida bo‘lgan va mahalla profilaktika inspektori ekani aytilgan shaxs xizmat vaqtida begona erkakning rafiqasi bilan qo‘lga tushgani tasvirlangan.

Mazkur mahallada yashovchilar holatni videoga olib, “uchastkavoy” va ayolni “samosud” qilishga uringan. Videoda profilaktika inspektori olomon savollaridan qochib mashinasiga o‘tirgancha voqea joyidan ketib qolgani ko‘rinadi.

Jizzax viloyati IIB videodagi shaxs chindan ham ichki ishlar xodimi ekanini tasdiqlagan.

“Ushbu tasvirlarda 2023 yil 15 fevralida tungi xizmatga jalb etilgan Jizzax viloyati G‘allaorol tumani IIB 2-sonli IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi profilaktika katta inspektori J.X. aks etgan.

Holat yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Voqea ishtirokchilarining harakatlariga huquqiy baho berilishi ta’minlanadi”, deyiladi rasmiy xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 30 noyabr kuni Toshkentning Olmazor tumanida xizmat vazifasini bajarayotgan IIB xodimi soat 00:50 larda o‘ldirib ketilgandi. Profilaktika inspektori yarim tunda oilaviy mojaro yuzasidan chaqiruv joyiga yetib borganida, ayolning eri uni 2 marta pichoq urib o‘ldirgani ta’kidlangandi.

Biroq ijtimoiy tarmoqlarda qotillikka rashk sabab bo‘lgani, profilaktika inspektori boshqa erkakning rafiqasi bilan munosabatlari ortidan halok bo‘lgani haqida gap-so‘zlar tarqalgandi. Biroq IIV axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov buni rad etgandi.

 

Mavzuga oid