Jahon | 23:04 / 24.02.2023
23910
2 daqiqa o‘qiladi

Istanbuldagi portlashda gumon qilingan shaxs Suriyada o‘ldirildi 

Turkiya maxsus kuchlarining amaliyoti davomida Xalil Menji ismli shaxs «zararsizlantirildi». 

Foto: AP

Turkiya Milliy razvedka tashkiloti (MIT) Suriya shimolida Istanbulning Istiqlol ko‘chasidagi teraktni rejalashtirgan va uyushtirishda faol ishtirok etgan YPG terrorchisi Xalil Menjini yo‘q qilish bo‘yicha muvaffaqiyatli operatsiya o‘tkazdi (YPG - Kurdiston ishchilar partiyasining (KIP) Suriyadagi qanoti hisoblanadi). Bu haqda Anadolu xabar berdi. 

2022 yil 13 noyabr kuni Istanbulning Taqsim tumanida yuz bergan portlashda 6 kishi halok bo‘lgan, 81 kishi yaralangan edi. 

Turkiya razvedka xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, Menji ikki shaxsni – Ahlam Albashir Solih va Bilol Hasanni terakt uyushtirish uchun yuborgan. Hasan oxir oqibatda uning yordami bilan xorijga qochishga muvaffaq bo‘lgan. 

Teraktdan so‘ng YPG yetakchilari Suriya hududida hujum tashkilotchisini qo‘riqlashga harakat qilgan. 

MIT ma’lumotlariga ko‘ra, Xalil Menji 2023 yil 22 fevralda Qamishli viloyatida yo‘q qilingan. 

Xalil Menji

AQSh va Yevropa Ittifoqi Kurdiston ishchilar partiyasini terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgan. Ushbu tashkilot 2015 yildan beri Turkiyaga qarshi qurolli hujumlarni qayta boshlagan. Suriyada KIP terrorchilari PYD va YPG nomlari ostida harakat qilmoqda, so‘nggi ikki yil ichida esa o‘zlarini «Suriya Demokratik Kuchlari» deb atamoqda. Eronda KIP Kurdiston erkin hayot partiyasi (PJAK) nomi bilan faoliyat yuritadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid