Jahon | 09:46 / 24.02.2023
8566
2 daqiqa o‘qiladi

Milliarder Vardanyan tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ rahbari lavozimidan ozod etildi

Ruben Vardanyan o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi hukumatini 3,5 oy boshqardi. Mintaqaga rahbarlik qilish Gurgen Nersisyanga o‘tadi.

Foto: NKR InfoCenter

Tadbirkor Ruben Vardanyan tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi (Arsax) hukumati rahbari lavozimidan ozod etildi. Tegishli farmon 23 fevral, payshanba kuni tan olinmagan respublika prezidenti Araik Arutyunyan raisligidagi hukumat yig‘ilishida e’lon qilindi.

«Buncha vaqt davomida men va Ruben Vardanyan birga bo‘ldik, Arsaxda ham, tashqi dunyoda ham bo‘layotgan voqealarni har kuni kuzatib bordik, doimiy ravishda mavjud vaziyatni hal qilish yo‘llari haqida fikr almashib turdik», — dedi Arutyunyan Vardanyanga bajarilgan ishlar uchun minnatdorchilik bildirib. Tan olinmagan respublika bosh prokurori Gurgen Nersisyanga «TQR» hukumatiga rahbarlik qilish taklif qilindi.

O‘tgan yil sentabr oyi boshida Vardanyan Rossiya fuqaroligidan voz kechgani va Tog‘li Qorabog‘ga ko‘chib o‘tganini ma’lum qilgan edi. 4 noyabr kuni u tan olinmagan respublika hukumatini boshqarishga rozi bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.

Mavzuga oid