O‘zbekiston | 21:01 / 25.02.2023
11133
9 daqiqa o‘qiladi

“Axborot siyosatimiz milliy manfaatlarimizga javob bermaydi” - faollar

“O‘zbekistonda jamoatchilik matbuoti yo‘q”. “Ukrainadagi urush davrida deputatlar O‘zbekistonning ichki va tashqi axborot siyosati qanday bo‘lishi kerakligini kun tartibiga qo‘yishi kerak edi”. Jamoatchilik faollari O‘zbekistondagi axborot siyosati haqida so‘z yuritdi.

Jurnalist Karim Bahriyev, yozuvchi Ulug‘bek Hamdam va siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz’ga bergan intervyusida Rossiya-Ukraina urushi fonida o‘zbek matbuoti mustaqilligi va unda milliy manfaatlar himoya qilinishining darajasiga ham baho berdi.

— Davom etayotgan urush fonida O‘zbekistonning axborot siyosati mustaqilligi, suverenitetiga qanday baho berasizlar?

Shuningdek, sizlarga navbatni berishdan oldin hamma biladigan, sezadigan va katta tahlillar talab qilmaydigan bir holatni ham aytishim kerak. Bugun o‘zbek jamiyatida Rossiya bosqinini oqlaydigan, uni qo‘llab-quvvatlaydigan qatlam afsuski, kam emas. Bu endi O‘zbekistonning ko‘p yillar rus propagandasi ta’sirida bo‘lgani va O‘zbekistonning o‘z axboroti yaratilmagani oqibati. Sizningcha, davlat odamlarni shunga o‘xshash xavfli propaganda ta’siridan himoyalash, odamlarda axborotni to‘g‘ri sintez qilish qobiliyatini shakllantirish uchun nimalar qilishi kerak?

Karim Bahriyev:

— Bu – chuqur o‘ylantiradigan narsa. Siz bilan mening suhbatimiz ham shu axborot siyosatiga kiradi. Masalan, MTRK biz istagan narsani gapirmagani bilan, yuqoridagi kimdir istagan gaplarni aytyapti.

Tezkor emasligi, yuqoridan buyruq kutishi bir muammo. Masalan, xorijiy axborot vositasi tekshiruvli material e’lon qilsa, javobi yo‘qligi kabi kamchiliklari bor.

Ukraina masalasini boshqalar yorityapti, lekin O‘zbekiston TVsi va radiosi hech narsa gapirmadi. Biror haftadan keyin neytrallik haqida gap chiqdi, xolos. Istalgan har qanday «trend»dagi mavzu chiqsa, ular tepa nima derkan deb kutib qoladi. Nima deyishi yozib berilmaguncha jim o‘tiradi.

Bundan tashqari, Kun.uz kabi axborot saytlari bor, diniy kontent qiluvchi saytlar bor, chetda bo‘lsa ham muxolif fikr bildiradigan axborot beruvchilar bor – bular hammasi axborot siyosati ichiga kiradi.

Davlat matbuoti davlat manfaatini himoya qiladi, xususiy matbuot esa egasining manfaatini himoya qiladi. Bizda jamiyat matbuoti yo‘q. Masalan, BBC – Angliyada jamoatchilik radiosi. AQShda jamoatchilik televideniyesi bor. Soliq beruvchilar pulidan ta’minlanadi. Ular hukumatni ham tanqid qiladi, chunki xalq puliga ishlayapti. Bizdagilar budjetdan mablag‘ oladi, aslida bu pul ham bizning soliqlarimizdan. Lekin jamiyatning matbuotga ta’sir qilish mexanizmi yo‘q. Xalq o‘rtasidagi obro‘li shaxs jamoatchilik kengashini boshqarsa va matbuotga ham ta’sir o‘tkazsa, shunda matbuotga jamiyatning ta’siri bo‘ladi.

Matbuot nuqtayi nazaridan ham davlat matbuoti va xususiy matbuot bor. Jamoatchilikniki yo‘q. Davlatdagi axborot siyosatini yuritadiganlar davlat manfaatini anglashi kerak. Ularda, bizda va umumiy jamiyatda yakdil fikr bo‘lsa, axborot siyosatimiz to‘g‘ri yuritiladi va kimgadir ta’sir qilolamiz. Yaxlit tizim ham, siyosat ham yo‘q bu borada.

MTRKga 500-600 mlrd so‘m mablag‘ ketyapti yiliga. Sohaga shuncha pul ketyapti. Ular axborot siyosatini belgilashi kerak. Yasama ko‘tarinkilik, yasama tadbirbozliklarga ketib yotibdi pullar. Lekin xalqning siyosiy ongini shakllantirishga qaratilmayapti.

Ulug‘bek Hamdam:

— Mustaqillikka qon to‘kmay erishdik, deymiz. Aslida, qon to‘kildi – tashqarigamas, ichkariga oqdi qon. «Muvozanat» romanim qahramoni Yusuf ham mustaqillikka erishish asnosida ishidan, orzu-maqsadlaridan ayrildi, o‘g‘li o‘ldi, akasi jinni bo‘lib chiqib ketdi – bularning hammasi badal emasmi? Bu to‘lovni o‘zbek xalqi hozirgacha to‘layapti. Migrantlar – mustaqillikka berilgan juda katta to‘lov. Bolalar otasiz, ayollar ersiz. Qanday voqealarni ko‘rdik... Tanga o‘q tegib, tashqariga qon oqmadi, xolos, lekin o‘zbek xalqining bag‘ri-dili qonga to‘ldi. Ya’ni mustaqillik bizga osongina osmondan tushgani yo‘q. Ukraina o‘sha mustaqilligini qon to‘kib himoya qilyapti. Mana shu narsalardan saboq chiqarish kerak.

Aqlli odam boshdan o‘tkazib saboq chiqarsa, donishmand odam boshqalarni ko‘rib ham saboq chiqaradi. Xalqimizni donishmand deymiz – shu narsalarni ko‘rishi va saboq chiqarishi kerak.

Bo‘ynimizga yana bo‘yinturuqlar ilinmasligi, rus propagandasidan qutulish uchun juda katta ko‘lamda ish olib borish kerak. Har bir sohada ish olib borish va asos millatning milliy manfaatlari bo‘lishi lozim. Va o‘sha milliy manfaatlar boshqa bir millatning manfaatlariga zid bo‘lmasligi, umuminsoniy mezonlar hisobga olinishi kerak. Buning uchun televideniyeda voqelikni boricha, xolis sharhlaydigan yo‘nalishlar ochilishi lozim.

Bir tomonlama ma’lumot berish odamlarni manqurtga aylantiradi. Biz xolis axborotga yetib borishimiz kerak, hozir yo‘q bu narsa. Bas, yo‘q ekan, bo‘shliqni har xil mish-mishlar, Rossiya qudrati haqidagi gaplar to‘ldiradi. Va sekin ularga ta’zim qila boshlaydi odamlar.

O‘tish davrida yashashni dushmanimga ham ravo ko‘rmayman, deydi yaponlar. Bizning avlod o‘tishga to‘g‘ri keldi. Haliyam davom etyapti. Bir umr o‘tish bo‘lmaydi-ku. Inson umri chegaralangan, qachondir orzusiga yetib yashamog‘i kerak axir. Qachongacha qorin-qursoq g‘amida yashab o‘tadi? Biz faqat jismimizni o‘ylayapmiz. Millat qachonki jismi bilan bog‘liq masalalarni hal qilsa, o‘shanda katta ishlar qiladi.

Kamoliddin Rabbimov:

— Yuqorida milliy manfaatlar haqida gap ketdi. O‘zbekiston possovet hududidagi yirik davlat, ya’ni Ukrainadan ko‘pchilik chiqib ketgach, possovet hududidagi ikkinchi yirik davlat bizmiz. Urush boshlanganiga bir yil bo‘lyapti. O‘zbekiston mo‘’tadil ratsional davlat bo‘lganda, urush boshlangan kunning o‘zida Oliy Majlisda to‘polon boshlanishi kerak edi. Ya’ni bizning urushdagi pozitsiyamiz qanday bo‘ladi, milliy manfaatlarimiz nimada, O‘zbekistonning ichki va tashqi axborot siyosati qanday bo‘lishi kerak, degan masalalarni deputatlar kun tartibiga qo‘yishi kerak edi. Bir yil bo‘ldi, ammo bu masala kun tartibiga qo‘yilgani yo‘q.

Ijro hokimiyatining ehtiyotkorligini tushunsa bo‘ladi. Jamiyatdagi aksariyat qismimiz (liberallar, demokratlar, mutafakkirlar, hokimiyat) Rossiyadan qo‘rqamiz. Lekin qo‘rqishning hosilasida ikki qarama-qarshilik bor: bir tomon jonlanaylik, layoqatli axborot maydon yarataylik desa, ikkinchi tomon jim turish kerak deyapti.

Parlament millatning uyi sifatida ko‘riladi. Prezident – ijro hokimiyatining yakka shaxs sifatidagi timsoli. Lekin parlament butun jamiyatdagi manfaatlarni ifodalovchi joy bo‘lishi kerak. Birinchidan, 150 deputat juda kam, aslida. Ikkinchidan, Qonunchilik palatasi, jumladan, Senat millatning taqdiriga daxldor bo‘lgan strategik masalalar ko‘tarilgan paytda mutlaqo o‘sha mavzuga teginilmasligi – achinarli ahvol. Qachondir tarixga urush boshlanganda O‘zbekiston parlamenti jim turgan, deb yoziladi.

Milliy manfaat nimada ekani milliy bahs-munozara, fikr almashishda paydo bo‘ladi. Har doim kuchliroq g‘oya zaifrog‘ini yutib yuboradi va milliy tafakkurda ham o‘sish bo‘ladi. Oqibatda milliy konsensus, pozitsiya shakllanadi. Bir tomondan Rossiya biz uchun muhim davlat, ikkinchi tomondan Ukraina mustaqilligi ham muhim. Demak, o‘rtada bahslar boshlanadi.

O‘zbekiston aholisining aksariyati tafakkurini nazorat qiladigan OAV bu – televideniye. Bizning televideniyeda esa urush boshqa sayyorada bo‘lyapti go‘yo, possovet hududida emas. Bu – juda ham achinarli hol.

·       Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid