Jahon | 23:08 / 01.03.2023
9353
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda ham TikTok bloklanishi mumkin

Amerika Kongressi vakillar palatasining tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasi TikTok ijtimoiy tarmog‘ini AQShda butunlay taqiqlash bo‘yicha qonun loyihasini ma’qulladi.

Foto: Getty Images

Ijtimoiy tarmoq Xitoy foydasiga josuslik qilayotganlikda ayblanmoqda. Avvalroq Amerika davlat xizmatchilariga 30 kun ichida TikTok’dan foydalanishdan voz kechish tavsiya qilingan edi.

Xitoyning ByteDance kompaniyasi o‘ziga tegishli TikTok’ning AQSh bo‘yicha foydalanuvchilarning ma’lumotlari Amerikaning o‘zida, zaxira nusxasi Singapurda saqlanishini ta’kidlagan.

Xitoy tomoni taqiqqa e’tiroz bildirgan. Xitoy tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mao Ning Oq uy Xitoy biznesining AQShda ishlashiga to‘sqinlik qilyapti, degan.

Mao Ning jumladan shunday degan:

«AQSh kabi jahonning o‘ziga ishongan, yetakchi barqudrat davlati yoshlarning sevimli ilovasidan shu qadar qo‘rqishi uchun o‘ziga ishonchini qanchalik yo‘qotishi kerak? AQSh milliy xavfsizlik doirasidan chiqib, xorijiy kompaniyalarni bo‘g‘ish uchun davlat hokimiyatidan foydalanmoqda. Biz bu xato harakatlarga qat’iyan qarshimiz. AQSh hukumati bozor iqtisodiyoti va halol raqobat prinsiplarini hurmat qilishi kerak».

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda AQSh yoshlarining 70 foizi yoki 100 million kishi TikTok’dan foydalanadi.

Avvalroq Yevropa Komissiyasi va Yevropa Kengashi ham kiberxavfsizlik yuzasidan o‘z xodimlaridan TikTok’ni ish qurilmalaridan olib tashlashni talab qilgan edi.

Forbes nashri ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda TikTok jahon bo‘ylab eng ko‘p yuklab olingan mobil ilova bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, TikTok O‘zbekistonda bloklangan yagona ijtimoiy tarmoqligicha qolmoqda.

Mavzuga oid