O‘zbekiston | 18:56 / 10.03.2023
30454
2 daqiqa o‘qiladi

Islomjon Ergashxo‘jayev Jizzax viloyati prokurorligi lavozimida qoldi

U muqaddam Toshkent viloyati hokimi va O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Islomjon Ergashxo‘jayev Jizzax viloyati prokurori lavozimiga ikkinchi muddatga tayinlandi.

«Bosh prokurorning buyrug‘iga asosan adliya katta maslahatchisi Islomjon Jasurovich Ergashxo‘jayev Jizzax viloyati prokurori lavozimiga ikkinchi muddatga tayinlandi», deyiladi xabarda.

Islomjon Ergashxo‘jayev 1970 yilda tug‘ilgan, Toshkent davlat yuridik institutini (hozirda universitet) tamomlagan.

1999-2004 yillarda Bosh prokuraturada turli lavozimlarda ishlagan, 2009 yilga qadar Toshkent shahri Mirobod tumani prokurori bo‘lgan. 2009-2011 yillarda Toshkent viloyatining Ohangaron shahri prokurori, 2011 yilda Ohangaron tumani prokurori bo‘lgan, 2011 yildan 2016 yil martiga qadar Pskent tumani hokimi lavozimini egallagan.

2016 yil martida esa Toshkent viloyati hokimining ma’muriy masalalar, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, o‘zini o‘zi boshqarish organlari va yoshlar siyosati bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlanadi. 

2016 yil 15 avgustida Toshkent viloyati hokimligida yarim yildan ortiqroq ishlagan Sodiq Abdullayev o‘rnida ish boshlaydi. Uning o‘zi ham hokimlikda ko‘p vaqt qolmaydi va 2016 yil dekabrida O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari lavozimiga o‘tkaziladi. 2017 yil noyabridan buyon esa  Jizzax viloyati prokurori lavozimida ishlab kelmoqda.

Mavzuga oid