Iqtisodiyot | 14:37 / 11.03.2023
25650
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda bank kartalari soni 34 million donaga yetdi  

2022 yilda aholi va tadbirkorlik sub’yektlari qo‘lidagi bank kartalari soni 7 million donaga ko‘paydi. O‘tgan yilda bank kartalari soni 20,8 foizga o‘sgan. Oxirgi 4 yildagi raqamlarga qaralsa, 2022 yilda  bank kartalarining soni eng tez o‘sganini ko‘rish mumkin.  

Foto: KUN.UZ

Markaziy bank 2022 yil uchun to‘lov tizimlari sharhini e’lon qildi.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga keng targ‘ibot ishlari olib borilishi natijasida muomalaga chiqarilgan bank kartalari soni 2022 yil boshida 27,1 mln donani tashkil qilgan bo‘lsa, yil oxiriga kelib 34,2 mln donaga yetgan.  

Raqamlar hisobot davrida bank kartalari soni 20,8 foizga o‘sganini ko‘rsatmoqda.  

Biroq 2021 yilda  aholi va tadbirkorlik sub’yektlari qo‘lidagi bank kartalari soni sezilarli o‘smagan. Bu davrda  bank kartalari soni 25,7 mln donadan  27,1 mln donaga ko‘paygan. O‘sish – 5,2 foizni tashkil qilgan.  

Kun.uz Markaziy bank o‘tgan yillarda taqdim etgan ma’lumotlarga tayanib, oxirgi 4 yildagi bank kartalari sonining o‘sishini taqqosladi.  

2020 yil davomida muomaladagi bank kartalari soni esa 26 mlndan oshib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,9 mln donaga ko‘paygan. 

2019 yilda esa bank kartalari soni 20,5 mlndan ortiqni tashkil etib, o‘tgan yilga qaraganda 2,8 mlnga ko‘paygan. 

Demak oxirgi 3 yildagi bank kartalari sonining o‘sishi bilan bog‘liq tendensiyasi quyidagicha bo‘lgan: 

  • 2019 yilda – 2,8 mln donaga; 
  • 2020 yilda – 5,9 mln donaga; 
  • 2021 yilda – 1,4 mln donaga; 
  • 2022 yilda – 7 mln donaga ko‘paygan. 

Shunday qilib, oxirgi 4 yilda bank kartalari soni 2022 yilda eng tez o‘sganini ko‘rish mumkin. 

Avvalroq. Uzcard va Humo bankomatlari hamda terminallari integratsiya qilinishi ma’lum qilingandi. 

Markaziy bank mas’ullarining Kun.uz’ga bildirishicha, bankomatlar integratsiyasi 2023 yil may oyida yakunlanadi. Terminallar integratsiyasi esa yil oxiriga reja qilingan.

Mavzuga oid