O‘zbekiston | 21:17 / 13.03.2023
19451
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 7-qavatdan o‘zini tashlab yuborgan rossiyalik erkak halok bo‘ldi

Bu O‘zbekiston poytaxtida bir hafta ichida kuzatilgan va Rossiya fuqarosining o‘limi bilan tugagan ikkinchi holat hisoblanadi.

Foto: Videodan kadr

13 mart kuni Telegramʼda Mirobod tumanida noma’lum erkak ko‘p qavatli binodan tushib ketib, yerda harakatsiz yotgani aks etgan video tarqaldi.

Qayd etilishicha, hodisa 18:30 da sodir bo‘lgan.

27 yashar erkak poytaxtning Mirobod tumani Buyuk Turon ko‘chasidagi 75-uyning yettinchi qavatidagi xonadondan o‘zini pastga tashlagan. U olgan jarohatlari oqibatida voqea joyida jon bergan.

Bosh prokuratura bayonotida marhumning Rossiya Federatsiyasi fuqarosi ekani ta’kidlanadi.

«Tekshirish doirasida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Shuningdek, sodir bo‘lgan hodisaning sabablari aniqlanmoqda», deyiladi O‘zbekiston bosh prokurorining matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov tomonidan e’lon qilingan bayonotda.

8 mart kuni 37 yashar rossiyalik jurnalist, «Byulleten kinoprokatchika» nashri bosh muharriri Aleksandr Nechayev Toshkentdagi kvartirasida jonsiz holda topilgandi. O‘zbekistonga bir necha oy oldin kelgan erkakning o‘limi sababini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangandi.

O‘zbekiston bosh prokuraturasiga ko‘ra, marhumning tanasida jarohatlar aniqlanmagan. Shuningdek, u qotillik qurboni bo‘lgani istisno etildi. Sud-tibbiyot ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, jurnalistning o‘limi «surunkali yurak-o‘pka yetishmovchiligi, yurakning surunkali ishemik kasalligi»dan kelib chiqqan.  

Mavzuga oid