O‘zbekiston bosh prokuraturasi Toshkent shahridagi kvartirasida jonsiz holda topilgan rossiyalik jurnalist Aleksandr Nechayev qotillik qurboni bo‘lganini istisno etdi.

«36 yoshli jurnalist Aleksandr Nechayev vafot etganligi holati bo‘yicha tekshirish o‘tkazilmoqda.

Sud-tibbiyot ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, A.Nechayevning o‘limi «surunkali yurak-o‘pka yetishmovchiligi, yurakning surunkali ishemik kasalligi»dan kelib chiqqan.

A.Nechayevning tanasi ko‘zdan kechirilganda tan jarohatlari aniqlanmagan», deyiladi xabarda.

Tekshirish davom etayotgani qo‘shimcha qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 8 mart kuni Rossiyaning «Byulleten kinoprokatchika» jurnali bosh muharriri Aleksandr Nechayevning jasadi u vaqtincha yashayotgan Toshkentdagi kvartirasidan topilgandi. Tanishlarining ma’lum qilishicha, u bir necha kun aloqaga chiqmay qo‘ygan. U O‘zbekiston poytaxtiga bir necha oy oldin ko‘chib kelgan, aprel oyida Moskvaga qaytib ketishni rejalashtirayotgandi.