Jahon | 08:18 / 20.03.2023
8111
2 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariyaning UBS banki Credit Suisse'ni sotib oldi

UBS Shveytsariya regulyatorlarining faol ishtirokida inqirozga uchragan Credit Suisse'ni 3 milliard frankka sotib oldi.

Foto: CNN

Shveytsariyaning UBS banki 19 mart, yakshanba kuni Shveytsariyaning yana bir banki - Credit Suisse'ni 3 milliard frankka sotib oldi, deb xabar berdi mamlakat Milliy banki. Shveytsariyadagi ikkita eng yirik va eng qadimgi kredit institutlarining birlashishi mamlakat rasmiylari ko‘magida amalga oshirildi. Shveytsariya regulyatorlari Credit Suisse inqirozining butun moliya tizimiga tarqalishi oldini olish uchun vaziyatga aralashib, kelishuv tuzishga majbur bo‘ldi. Birlashish 2023 yil oxirigacha yakunlanishi kutilmoqda. Bitim Credit Suisse'ning har bir aksiyasi uchun 0,76 shveysariya franki sharti asosida amalga oshirildi, deyiladi UBS xabarida.

Shveytsariya prezidenti Alen Berse Berndagi matbuot anjumanida rasmiylar ikkala bankka 50 milliard frank kreditdan tashqari 100 milliard frank likvidlik kafolati taqdim etganini xabar qildi. «Bu Shveytsariyaning moliyaviy tizimiga ishonchni ta’minlash uchun eng yaxshi yechim», deya qo‘shimcha qildi u. Matbuot anjumanida xabar qilinganidek, birlashish Shveytsariya moliyaviy regulyatori - FINMA tomonidan tasdiqlangan.

Credit Suisse'ning bir yildan ortiq davom etayotgan muammolari bank inqirozi davrida yanada kuchaydi. 15 mart kuni bank o‘z tarixidagi eng yirik aksiyalar qulashiga duchor bo‘ldi – ular 30 foizga arzonlashdi. Financial Times gazetasi manbalarga tayanib yozganidek, bankning moliyaviy ahvolidan xavotirlar fonida undan omonatlarning olib chiqib ketilishi kuniga 10 milliard frankdan oshdi.

Shundan so‘ng bankni qutqarish bo‘yicha muzokaralar boshlandi, dedi Shveytsariya moliya vaziri Karin Keller-Zutter kecha bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida. «Tizimli ahamiyatga ega bankning defolti Shveytsariyada ham, chet elda ham oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib keladi», dedi u.

Mavzuga oid